Jeneva: Afg‘onistondagi rejimning besh yilligi munosabati bilan BMT ekspertlari toliblar diplomatlarini boykot qilishga chaqirdi

BMTning maxsus ma’ruzachisi Richard Bennett. BMT fotosurati

BMTning yigirmadan ortiq mustaqil ekspertlari dunyo davlatlari hukumatlarini Afg‘onistonda toliblarning hokimiyatga qaytganiga besh yil to‘lishi nishonlanayotgan shu kunlarda ular bilan munosabatlarni normallashtirishga shoshilmaslikka chaqirdi. Ekspertlar bu boradagi har qanday qadamni inson huquqlari, ayniqsa ayollar va qizlar huquqlari sohasidagi isbotlangan, o‘lchanadigan va mustaqil ravishda tasdiqlangan taraqqiyot bilan bog‘lashni so‘ramoqda. Bu haqda 2026 yil 13 avgust kuni Jenevada e’lon qilingan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bayonotida aytilgan.

Imzo qo‘yganlar orasida BMTning Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennett, shuningdek, ayollar huquqlari, ta’lim, oziq-ovqat, qiynoqlar, fikr bildirish erkinligi va majburiy yo‘qolishlar masalalari bo‘yicha ekspertlar bor. Mualliflar o‘zlari shaxsiy maqomda bayonot berganini va ularning pozitsiyasi BMTning rasmiy pozitsiyasi emasligini ta’kidlashgan.

«Mamlakat hayotida besh yil qisqa muddat, ammo bola hayotida juda uzoq davrdir», — deyiladi bayonotda. Unda ta’kidlanishicha, shu vaqt davomida afg‘on qizlarining butun bir avlodi o‘rta ta’limdan mahrum bo‘ldi, yosh ayollarning yana bir avlodi esa universitetlarda tahsil olish imkoniyatidan ayrildi. Ta’qiq joriy etilgan paytda 12 yoshda bo‘lgan qiz 18 yoshga to‘lguniga qadar maktabga qayta olmadi.

Bir yil avval ham xuddi shu ekspertlar normallashtirish bilan bog‘liq xavflar haqida ogohlantirgan edi. Endi ular bu ogohlantirishni «yanada qat’iyroq» takrorlashmoqda: ularning fikricha, besh yillik amaliyot toliblar nazoratni yumshatish emas, aksincha, kuchaytirish niyatida ekanini isbotladi.

«Aholisining yarmidan ko‘p qismini tizimli ravishda ta’qib qilayotgan rejimni normallashtirish o‘zgarishlarga yordam bermaydi — aksincha, zulmni qonuniylashtiradi», — deb ta’kidlaydi bayonot mualliflari.

Ekspertlar toliblar vakillarini dunyo davlatlari poytaxtlariga taklif qilish va ularning diplomatlarini akkreditatsiyadan o‘tkazishni muddatidan oldin qilingan qadam deb atab, bu Afg‘onistonda qaror topgan insonparvarlikka qarshi rejimni amalda tan olish bilan barobar ekanini ta’kidlamoqda.

Ular Afg‘onistonda gender kamsitishning institutsionallashgan tizimi insoniyatga qarshi jinoyat — gender belgisi bo‘yicha ta’qib ekanini va uni «gender aparteidi» atamasi bilan ifodalash to‘g‘ri ekanini ta’kidlaydilar. Toliblarning din va madaniyatni niqob qilishi bu huquqiy bahoni o‘zgartirmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Xalqaro jinoiy sud toliblarning oliy rahbari va ularning Oliy sudi raisiga aynan gender belgisi bo‘yicha ta’qib qilish ayblovi bilan hibsga olish orderlarini bergandi. Ekspertlar davlatlarni Xalqaro jinoiy sudni qat’iy qo‘llab-quvvatlashga chaqiradilar.

Toliblar tomonidan joriy etilgan cheklovlar o‘tgan bir yil ichida yanada kuchaygan: 2024 yilda qabul qilingan «Fazilatni rag‘batlantirish va illatning oldini olish» qonuni, 2025 yildagi voizlarga oid dekret, shuningdek, «sudlarning jinoiy qoidalari» va er-xotinning alohida yashashi haqidagi yangi dekretlar ekspertlar bahosiga ko‘ra, Afg‘onistonning xalqaro majburiyatlariga qo‘pol ravishda zid.

Ayollar kiyimi talablarga javob bermagani yoki yonida erkak hamrohi bo‘lmagani uchun shifoxonalarga kiritilmaydi. Shunday qarorlardan biri qabul qilinganidan so‘ng Hirotdagi viloyat shifoxonasiga ikki kun ichida yotqizilgan bemorlar soni chorakdan ko‘proqqa kamaygan. 2026 yil iyun oyida Hirotda kamida 30 nafar ayol va qiz hijobda bo‘lmagani uchun qamoqqa olingan. Tinch namoyish vaqtida xavfsizlik kuchlari o‘q uzib, ikki kishini, jumladan bir bolani o‘ldirgan.

Bayonot mualliflarini yana bir jiddiy tashvishga solayotgan masala — tan jazolari va o‘lim jazosi. Toliblarning amaldagi Oliy sudi ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2025 yilning o‘zida kamida 1110 kishi ommaviy kaltaklash jazosiga duchor bo‘lgan, ularning kamida 170 nafari ayollar. Bu toliblar hukmronligining avvalgi barcha yillaridagi ko‘rsatkichdan ham ko‘p. 2026 yilda esa bu jarayon yanada kuchaygan.

2021 yil avgustidan buyon kamida 12 nafar erkak omma oldida qatl etilgan. Ekspertlar «majburiy birxillashtirish» deb ataydigan siyosat boshqa zaif guruhlarga ham zarba bermoqda: shialar, sikxlar, hindular, baxoiylar, nasroniylar, LGBT+ vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, jurnalistlar, o‘qituvchilar, sudyalar, advokatlar, huquq himoyachilari va 2021 yil avgustiga qadar qilgan ishlari yoki yozganlari uchun jazolanayotgan sobiq davlat xizmatchilari shular jumlasidandir.

Ayol huquq himoyachilari o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, tintuvlar, «majburiy yo‘qolishlarga teng» harakatlar, qiynoqlar va qamoqxonalarda shafqatsiz muomalaga duch kelmoqda. Yangi ko‘rsatmalar, jurnalistlarning hibsga olinishi va senzura tufayli OAV ustidan nazorat yanada kuchaytirilgan.

Ekspertlar davlatlarni 2025 yil oktyabr oyida BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tashkil etilgan Afg‘oniston bo‘yicha Mustaqil tergov mexanizmini to‘liq moliyalashtirish va zarur xodimlar bilan ta’minlashga chaqirmoqda. Shuningdek, insoniyatga qarshi jinoyatlar to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha muzokaralar doirasida gender aparteidi jinoyatini huquqiy jihatdan belgilash ishlarini davom ettirish, gumanitar yordamni moliyalashtirishni tiklash, oziq-ovqat operatsiyalarini sanksiyalarning salbiy ta’siridan himoya qilish va ayollar hamda ular rahbarlik qiladigan tashkilotlar yordam ko‘rsatishi va olishi mumkinligini kafolatlash zarur.

Mualliflar ta’kidlashicha, Afg‘onistonning kelajagi bo‘yicha hech bir jarayon, jumladan BMT shafeligida olib borilayotgan jarayon ham, afg‘on ayollarining to‘laqonli ishtiroki bo‘lmasdan davom etmasligi kerak. «Inson huquqlari buzilishi, ildiz otgan zulm va radikallashuv asosiga qurilgan rejim mintaqa izlayotgan barqarorlikni ta’minlay olmaydi, shartsiz yon berishlar esa na xavfsizlik, na tinchlik olib keladi», — deyiladi bayonotda.