Jahon auditoriyasi hozircha O‘zbekistonning tarixiy, madaniy va ilmiy merosi bilan yetarlicha tanish emas. Islom sivilizatsiyasi markazi esa uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish maydonlaridan biriga aylanishi mumkin. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumda CNN vakillari ma’lum qildi.
CNN International Commercial ijrochi vitse-prezidenti Fil Nelson forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida telekanal Markaz bilan hamkorlik qilayotganidan faxrlanishini va O‘zbekiston tarixi hamda madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘p yillik loyihada ishtirok etayotganini ta’kidladi.
«Hamkorligimiz tufayli biz birgalikda CNNning ulkan global auditoriyasiga O‘zbekiston haqida hikoya qilib bermoqdamiz», — dedi Nelson.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning yaratilish jarayonini qiziqish bilan kuzatib borgan. Nelson majmuani shaxsan borib ko‘rish, u yerda jamlangan artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ilm-fan, adabiyot va me’morlik sohalarida taqdim etilgan merosni ko‘rishga umid bildirdi.
CNNning Markaziy Osiyo va Afrika bo‘yicha mintaqaviy vakili Imron Ahmad ham forumda so‘zga chiqib, hozirgi O‘zbekiston hududi bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab olimlarning yutuqlari mamlakat tashqarisida hanuzgacha kam ma’lum ekanini ta’kidladi.
«Masalan, Al-Xorazmiyning ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini olaylik. Agar u bo‘lmaganida, algoritmlar ham bo‘lmas edi. Bugun biz mobil telefonlar va kompyuterlardan foydalanamiz, ammo zamonaviy texnologiyalar asosida yotgan ko‘plab g‘oya va tushunchalar, jumladan, O‘zbekiston zaminida shakllanganini har doim ham anglayvermaymiz», — dedi Ahmad.
Uning fikricha, xalqaro forumlar va yirik xorijiy OAVlar bilan hamkorlik qilish kengroq auditoriyani tarixning ushbu qismi bilan tanishtirish imkonini beradi.
Ahmadning qo‘shimcha qilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi yana bir muhim vazifani — turli madaniyat va din vakillari o‘rtasida muloqotni rivojlantirishga ko‘maklashish vazifasini ham bajarishi mumkin.
«Tobora bo‘linib, qutblashayotgan zamonaviy dunyoda bunday tashabbuslar ayniqsa zarur. Ular turli din va sivilizatsiya vakillariga bir-birini yaxshiroq tushunishga yordam beradi, o‘zaro anglashuvni kuchaytiradi va tinchlikni mustahkamlashga xizmat qiladi», — dedi u.
Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkentda Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda ilgari surilgan tashabbusi asosida barpo etildi. CNN qariyb 50 ta mamlakatdan 300 ga yaqin jurnalist, OAV rahbarlari va ekspertlarni jamlagan Xalqaro mediaforumning bosh media hamkorlaridan biri hisoblanadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



