Qirg‘iziston VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida Qozog‘istonning g‘alabasini tan oldi

24.kg sayti fotosurati

VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining g‘olibi deb Qozog‘iston e’lon qilindi.

«Qozoq birodarlarimizni g‘alaba bilan tabriklaymiz!» — deb yozadi Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov o‘zining Facebook sahifasida.

Avvalroq har ikki respublika musobaqalar yakunlari bo‘yicha turlicha natijalarni taqdim etib, o‘zini birinchi o‘ringa qo‘ygan edi. Qirg‘iz tomonining versiyasiga ko‘ra, O‘yinlar mezboni 72 ta medal — 30 ta oltin, 29 ta kumush va 13 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egallagan. Qozog‘istonga esa 64 ta medal, jumladan 29 ta oltin, 16 ta kumush va 19 ta bronza medali nasib etgan.

Ostonada Qozog‘iston sportchilari 74 ta medal — 32 ta oltin, 20 ta kumush va 22 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani va birinchi o‘rinni aynan Qozog‘iston egallashi kerakligi ma’lum qilindi. Qirg‘izistonga esa qozoq tomoni 84 ta medalni hisoblagan bo‘lib, ulardan 30 tasi oltin, 35 tasi kumush va 19 tasi bronza medallaridir.

Kelishmovchiliklar fonida tashkilotchilar tomonidan e’lon qilingan umumiy medallar jadvali qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish uchun olib tashlandi.

«Bugun tashkiliy qo‘mita Qozog‘istonning uch nafar sportchisining har bir medalini alohida hisobga olishga qaror qildi. Shu tariqa, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Qozog‘iston egalladi», — dedi Alagozov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari yuqori saviyada o‘tkazildi va katta sport bayrami taassurotini qoldirdi.

«Ayniqsa, ko‘k-bo‘ru va jer-ulak musobaqalari tomoshabop bo‘ldi. Ularda qirg‘iz va qozoq jamoalari yuqori darajada o‘yin namoyish etib, sportdagi raqobat faqat musobaqa maydonida qolishini yana bir bor isbotladi», — deya ta’kidladi matbuot kotibi. U muxlislar o‘rtasida ham kelishmovchiliklar kuzatilmaganini qayd etdi.

VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari 2026 yil 31 avgustdan 6 sentyabrga qadar Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tdi. Tantanali ochilish marosimi 31 avgust kuni «Bishkek Arena»da o‘tkazildi. Shundan so‘ng asosiy sport, madaniy va ilmiy tadbirlar Issiqko‘lda davom etdi. Ko‘kpar va ko‘k-bo‘ru bo‘yicha final musobaqalari 6 sentyabr kuni Cho‘lpon-Otada bo‘lib o‘tdi, shu kuni kechqurun O‘yinlarning yopilish marosimi o‘tkazildi.