Afg‘oniston va Pokiston chegarada aviazarbalar va otishmalar bilan almashmoqda: mojaro yana keskinlashdi

Sanasi ko‘rsatilmagan suratda Xayber-Paxtunxva provinsiyasidagi pokistonlik askar Afg‘onistonning Paktika provinsiyasi bilan chegaradosh to‘siq yonida turibdi. — AFP

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi qurolli qarama-qarshilik Pokistonda sodir etilgan bir qator hujumlar va Afg‘oniston hududiga berilgan javob zarbalari ortidan keskin avj oldi. 2026 yil sentyabr oyining o‘rtalaridan boshlangan besh-olti kun ichida tomonlar o‘zaro ayblovlar va chegaraoldi to‘qnashuvlaridan havo zarbalari, uzoq davom etgan janglar hamda dronlar hujumlari haqidagi bayonotlarga o‘tdi.

18 sentyabr kuni Afg‘oniston chegarasi yaqinida, Xayber-Paxtunxva viloyatida joylashgan Pokistonning Koxat shahrida politsiya majmuasi hududida terakt sodir bo‘ldi. Juma namozi vaqtida masjidga kirish qismi yaqinida mina o‘rnatilgan avtomobil portladi. Shundan so‘ng qurollangan hujumchilar majmua hududiga kirishga uringan. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 16 kishi halok bo‘lgan, yana 57 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar orasida politsiya xodimlari ham bor. Pokiston manbalariga ko‘ra, hujum uchun Xafiz Gul Bahodur bilan bog‘liq Ittehadul Mujahideen guruhi mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Ayni paytda «Pokiston Tolibon harakati» (TTH) teraktqa aloqadorligini inkor qilgan.

20 sentyabr kuni Afg‘oniston chegarasi yaqinidagi Xangu tumanida Pokiston kuchlari va qurollangan guruhlar o‘rtasida jang bo‘lib o‘tgan. Pokiston harbiylari olti nafar harbiy xizmatchi va sakkiz nafar jangarining halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ertasi kuni Islomobod qurollangan guruhlar obyektlariga qarshi quruqlikdagi operatsiya va havo zarbalari o‘tkazilganini ma’lum qildi.

20 sentyabrdan 21 sentyabrga o‘tar kechasi Pokiston Afg‘onistonning chegaraoldi hududidagi uchta obyektga zarba berdi. Pokiston Axborot vazirligi kamida 28 nafar jangarining, jumladan, terrorchi-kamikadzelarning yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Reuters agentligi ushbu ma’lumotlarni mustaqil tasdiqlash imkoni bo‘lmaganini ta’kidladi.

Afg‘oniston rasmiylari zarbalar Kunar va Paktika viloyatlariga berilgani va oqibatda tinch aholi vakillari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Kunarda turar joy vayron bo‘lgan. UNAMA uch nafar fuqaro — erkak, ayol va qiz bola — halok bo‘lganini, yana to‘rt kishi jarohatlanganini tasdiqlagan.

21 sentyabr kuni toliblarning Tashqi ishlar vazirligi Pokistonning ishlar bo‘yicha vaqtinchalik vakilini chaqirib, unga norozilik notasini topshirgan. Kobul havo zarbalarini Afg‘oniston suverenitetining buzilishi deb atadi va Afg‘oniston hududidan Pokistonga hujumlar uyushtirish uchun foydalanilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Tolibon vakili Zabehulla Mujohid Afg‘oniston «tegishli javob» berishini ta’kidlagan.

22 sentyabr kuni keskinlik bevosita chegara hududiga ko‘chgan. Pokiston xavfsizlik kuchlari qurollangan shaxslarning Afg‘onistondan Nangarhor va Paktiya orqali Kurram tumaniga kirishga urinishining oldi olinganini ma’lum qilgan. Pokiston tomoni talqiniga ko‘ra, shundan so‘ng Tolibon bo‘linmalari chegara postlariga o‘t ochgan, Pokiston harbiylari esa javob zarbalari bergan. Bu ma’lumotlar Pokiston xavfsizlik manbalariga taalluqli bo‘lib, mustaqil tasdiqlanmagan.

22 sentyabr kuni kechqurun yangi to‘qnashuvlar Afg‘onistonning Paktiya viloyatida, Zazi-Ariub hududida sodir bo‘lgan. Amu TV va Hasht-e Subh havola qilgan mahalliy manbalarga ko‘ra, jang taxminan besh soat davom etgan. O‘qotar qurollar va minomyotlar qo‘llanilgani, turar joylar zarar ko‘rgani va bir nechta oilaning o‘z uylarini tark etgani haqida xabar berildi. Qurbonlar haqidagi ma’lumotlar mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.

23 sentyabr kuni Pokiston keskinlikning yangi bosqichi haqida ma’lum qildi: uning havo mudofaa kuchlari go‘yoki Afg‘oniston tomonidan mamlakat havo hududiga kirgan sakkizta uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirgan. Pokiston xavfsizlik manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rtta dron Torham yaqinida, yana to‘rttasi Koxat atrofida urib tushirilgan. Dronlar aynan Afg‘oniston rasmiylari tomonidan uchirilgani haqida mustaqil tasdiq mavjud emas.

Ayni paytda quruqlikdagi to‘qnashuvlar ham davom etgan. Amu TV ma’lumotlariga ko‘ra, 22 sentyabr kuni kechqurun Zazi-Ariub hududidagi jang taxminan besh soat davom etgan, bir nechta turar joy binolari zarar ko‘rgan. Mahalliy aholi ayrim oilalar uylarini tark etganini ma’lum qilgan. Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu hududda shunga o‘xshash to‘qnashuvlar taxminan olti oydan beri haftasiga bir necha marta sodir bo‘lmoqda. Bu ma’lumotlar ham to‘liq mustaqil tasdiqqa ega emas.

Nega Afg‘oniston va Pokiston doimo ziddiyatga bormoqda?

Mojaro markazida Pokistonda islomiy boshqaruv o‘rnatilishini talab qilayotgan va Pokiston davlatiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan «Pokiston Tolibon harakati» (TTH) turadi. Islomobod Afg‘oniston Tolibonini TTH rahbarlari va jangarilariga boshpana berishda ayblaydi. Kobul esa buni rad etib, Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatga hujumlar uyushtirish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi.

TTH va Afg‘oniston Toliboni turli tashkilotlar hisoblanadi, garchi ular o‘rtasida tarixiy va mafkuraviy aloqalar, shuningdek, a’zolarining bir qismi o‘rtasida qarindoshlik munosabatlari mavjud bo‘lsayam. 2021 yilda Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatga qaytganidan so‘ng Kobul va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada yomonlashdi. Keskinlikning yana bir manbai ikki davlat o‘rtasidagi bahsli chegara — Dyurand chizig‘i bo‘lib, Afg‘oniston tarixan uni yakuniy davlat chegarasi sifatida tan olmaydi.

Hozirgi keskinlashuv odatiy chegaraoldi insidentlaridan ko‘lami va xususiyati bilan farq qiladi: bir necha kun ichida Afg‘oniston hududiga havo zarbalari berildi, uzoq davom etgan quruqlikdagi to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi va dronlardan foydalanilgani haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. UNAMA ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan beri transchegaraviy qurolli zo‘ravonlik Afg‘onistonda 1100 nafardan ortiq tinch aholi qurbon bo‘lishiga olib kelgan. BMT tomonlarni xalqaro gumanitar huquq me’yorlariga rioya qilishga va tinch aholini himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqiradi.