Moskva va Tolibon Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarning yakuniy hujjatini kelisha olmadi

5 oktyabr kuni Moskvada Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarning Moskva formatidagi sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Belarus va Misr delegatsiyalari mehmon sifatida qatnashdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, ishtirokchilar Qobul bilan teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish va Afg‘onistonni xalqaro iqtisodiy aloqalarga integratsiya qilish kursini tasdiqlagan.

Biroq, ishtirokchilar qo‘shma yakuniy bayonotni kelisha olmagan. Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulovning ma’lum qilishicha, bunga Afg‘oniston va Pokiston delegatsiyalari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni Afg‘oniston terrorizm kontekstida haddan tashqari ko‘p tilga olingan iboralarga qarshi chiqqan.

Kabulov ta’kidlashicha, shunga o‘xshash iboralar o‘tgan yilgi yakuniy hujjatda ham mavjud bo‘lgan, biroq bu safar Afg‘oniston tomoni ularni maqbul emas, deb hisoblagan.

Shu bilan birga, Rossiya vakili qo‘shma bayonotning qabul qilinmagani Moskva formati faoliyati to‘xtatilishini anglatmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu platforma, avvalo, mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama ziddiyatlarni hal qilish uchun emas. Kabulov format doirasidagi maslahatlashuvlar davom ettirilishini tasdiqladi.

Rossiya-Afg‘oniston muzokaralarining asosiy mavzusi xavfsizlik bo‘ldi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Afg‘onistonning terrorizmga qarshi kurash salohiyatini mustahkamlash zarur, deb hisoblashini va Kobulga moddiy-texnik hamda ekspertlik yordamini ko‘rsatishga, shuningdek, maxsus xizmatlar va kuch tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Rossiya vaziri afg‘on kuch tuzilmalarining «Islomiy davlat» va boshqa terrorchilik guruhlariga qarshi harakatlarini qayd etdi.

Lavrov, shuningdek, Moskva Afg‘oniston bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, Afg‘oniston iqtisodiyotining rivojlanishi, giyohvand moddalarga qarshi kurash va mintaqaviy infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga to‘xtaldi. Shu bilan birga, u Afg‘oniston va qo‘shni davlatlarda NATO harbiy infratuzilmasini joylashtirishga yana bir bor qarshi chiqib, bunday hozirlikni mintaqaviy beqarorlikning kuchayishi bilan bog‘ladi.

Lavrov Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy bilan alohida muzokara o‘tkazdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy maydonlardagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Afg‘oniston tomoni uchun asosiy mavzulardan biri Pokiston bilan munosabatlardagi vaziyat bo‘lgan. Muttaqiy Moskvadagi maslahlashuvlardan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlar muloqot va diplomatiya orqali hal qilinishi mumkinligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qobul Islomobod bilan mojaroni ayblovlar va targ‘ibotning cheksiz almashinuviga aylantirishni istamaydi, biroq tajovuzdan o‘zini himoya qilish huquqini qonuniy va ajralmas huquq, deb hisoblaydi.

Qobul Pokistonning Afg‘oniston hududidan jangarilar tomonidan Pokiston hududida hujumlar uyushtirish uchun foydalanilayotgani haqidagi ayblovlarini rad etadi. Shu bilan birga, Islomobod «Tolibon» hokimiyatini qurolli guruhlarni yashirishda ayblamoqda. Shu asnoda so‘nggi oylarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi.

Rossiya Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroni hal qilishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Kabulovning ma’lum qilishicha, Moskva tomonlarga mustaqil ravishda yoki boshqa hamkorlar bilan birgalikda yordam ko‘rsatishga tayyor, agar har ikki tomon tegishli iltimos bilan murojaat qilsa. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva formati ishtirokchilari Afg‘oniston va Pokistonni harbiy harakatlardan tiyilishga hamda siyosiy-diplomatik yechim izlashga chaqirgan.

Shunday qilib, Moskva va Kobul ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish niyatini tasdiqlagan, biroq maslahatlashuvlar ishtirokchilari umumiy yakuniy hujjatni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lolmagan. Kelishmovchiliklar, avvalo, Afg‘onistondagi terrorizm bilan bog‘liq vaziyatga berilgan baho va Qobul hamda Islomobod o‘rtasida davom etayotgan mojaro fonida yuzaga kelgan. Shu bilan birga, Rossiya tomoni yakuniy bayonotning qabul qilinmagani Moskva formati doirasidagi keyingi ishlarni shubha ostiga qo‘ymasligini ta’kidladi.