Xalqaro jinoiy sud «Tolibon» yetakchilariga nisbatan berilgan orderlarni maxfiylikdan chiqardi

Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud binosi

Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud sud saytida xabar qilinishicha, «Tolibon» harakatining yuqori lavozimdagi to‘rt nafar vakiliga nisbatan hibsga olish orderlarini oshkor qildi. Hujjatlarda harakatning oliy rahbari Haybatulla Oxundzada, bosh sudya Abdul Hakim Haqqoniy, Ta’lim vaziri Habibulla Og‘a va Oliy ta’lim vaziri Neda Muhammad Nadim nomlari keltirilgan.

Maxfiylikni bekor qilish haqidagi qarorni sudning II Dastlabki ish yuritish palatasi 2026 yil 5 oktyabrda qabul qildi. Sud hujjatlarni e’lon qilish tergovga zarar yetkazmaydi, aksincha, yangi jinoyatlarning oldini olishga yordam berishi mumkin, degan xulosaga kelgan.

Oxundzoda va Haqqoniyga nisbatan orderlar 2025 yil 8 iyulda berilgan va sud ularning mavjudligi haqida darhol xabar qilgan. Endi esa orderlarning o‘zi ham e’lon qilindi. Og‘a va Nadimga nisbatan orderlar 2025 yil 9 sentyabrda berilgan bo‘lib, France 24 ta’kidlashicha, dushanba kuniga qadar ular ham maxfiy saqlangan.

Sudyalar to‘rtala shaxsni gender belgisiga ko‘ra ta’qib qilish haqida buyruqlar berish va bunga undash uchun javobgar deb hisoblashga asosli sabablar bor, degan xulosaga kelgan. Bu — insoniyatga qarshi jinoyat hisoblanadi. Jabrlanganlar orasida ayollar va qizlar, shuningdek, «Tolibon»ning gender identifikatsiyasi va o‘zini ifodalashga qo‘ygan talablariga mos kelmaydigan shaxslar hamda harakat ayollarning ittifoqchilari deb hisoblaydigan kishilar bor. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatlar «Tolibon» 2021 yil 15 avgustda hokimiyatga qaytganidan beri uzluksiz sodir etib kelingan.

XJS vakillarining aytishicha, afg‘on ayollari va qizlarining taqdiri gender asosidagi ta’qibning eng og‘ir ko‘rinishlaridan biridir. Orderlarda nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki tizimli kamsitish ham e’tirof etilgan. Sud ta’qibni asosiy huquqlarning keskin cheklanishi, shuningdek, qotilliklar, ozodlikdan mahrum qilish, qiynoqlar, zo‘rlash va majburiy g‘oyib bo‘lishlar bilan bog‘laydi.

«Tolibon» vakili Zabehulla Mujohid harakat XJSni tan olmasligini va o‘z rahbarlarining hibsga olinishga loyiq xatti-harakatlar sodir etganini ko‘rmayotganini ma’lum qildi. Hibsga olishning amaliy ehtimoli past: sudning o‘z politsiyasi yo‘q, orderlarni esa unga a’zo davlatlar ijro etishi kerak, deb eslatadi AP agentligi. Order aybdorlik tan olinganini anglatmaydi: ushbu bosqichda sudyalar faqat ayblovlar uchun asosli sabablar mavjudligini belgilagan.