O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalar uchun dual ta’lim dasturini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu dastur doirasida bo‘lajak jurnalistlar oliy ta’lim muassasasidagi nazariy ta’limni Markazdagi amaliy faoliyat bilan birga olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Talabalar turli janrlarda materiallar tayyorlaydi, intervyular oladi, reportajlar yaratadi, shuningdek, tarix, ilm-fan, madaniyat va ma’naviy meros mavzulari bilan ishlaydi.
Hamkorlikning alohida yo‘nalishlaridan biri jurnalist-gidlarni tayyorlash bo‘ladi. Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov ta’kidlashicha, bunday mutaxassislar tarixni bilish bilan birga, jurnalistik va kommunikativ ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, shuningdek, xorijiy tillarni bilishi kerak. Bu, xususan, xorijiy mehmonlar bilan ishlash uchun zarur.
Bundan tashqari, talabalarni tayyorlash jarayoniga xorijiy mutaxassislarni ham jalb etish rejalashtirilgan. Ular talabalarni media sohasidagi xalqaro tajriba bilan tanishtiradi.
«Biz yoshlarning o‘z bilimlarini amalda sinab ko‘rishlarini, mutaxassislar bilan ishlashlarini, jurnalistik materiallar tayyorlash jarayonini bevosita o‘rganishlarini istaymiz», — dedi Abduxoliqov.
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja raqamli texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar, multimedia va sun’iy intellektning rivojlanishi jurnalist kasbiga qo‘yiladigan talablarni o‘zgartirayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, talabalar tahsil davridayoq axborotni tekshirish va tahlil qilish, shuningdek, kontentning turli formatlari bilan ishlash ko‘nikmalarini egallashi lozim.
Oliy ta’lim muassasalarida dual ta’limni rivojlantirish masalasi avvalroq, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning pedagoglar bilan uchrashuvida muhokama qilingan edi. Yangi model universitetdagi ta’limni ish beruvchi tashkilotdagi amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirishni nazarda tutadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



