Parijda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar sohibqiron va Temuriylar sulolasi merosini, Fransiya va Yevropada ushbu mavzuni o‘rganishning bugungi holatini, shuningdek, qo‘shma tadqiqotlar istiqbollarini muhokama qildilar. Bu haqda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi. U Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan respublikaning diplomatik vakolatxonasi va bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Konferensiyada Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan, Al-Furqon jamg‘armasi direktori Sali Shohsivoriy, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov, fransuz olim va tadqiqotchilari, Amir Temur assotsiatsiyasi a’zolari hamda ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan, me’morchilik, san’at, madaniyat va davlatchilikning rivojlanishiga qaratildi. Fransiyalik tadqiqotchilar Frans Grene, Katrin Pujol va navoiyshunos Shara Risoli ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Amir Temur merosini har tomonlama o‘rganish zarurligini ta’kidladi.
« Amir Temur merosi faqat bir xalq yoki bir davlat tarixiga daxldor emas. Uning davlatchilik, ilm-fan, me’morchilik, san’at, madaniyat va xalqaro munosabatlar sohasida qoldirgan merosi jahon sivilizatsiyasining muhim qismidir. Shu bois bugun Parijda ushbu meros haqida fikr almashishimiz chuqur ramziy ma’noga ega», — dedi Abduxoliqov.
Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan konferensiyaning Parijda o‘tkazilayotgani va Temuriylar merosini keng targ‘ib etish uchun yaratilgan imkoniyat muhimligini ta’kidladi.
«Parijdagi O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib, ushbu taqdimotni o‘tkazganimizdan juda xursandman. Temuriylar sulolasi va uning tarixiy ahamiyatini Parijda ham targ‘ib qilish juda muhim. Tadbir samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi, ko‘plab do‘stlarimiz va uyushma a’zolari ishtirok etdi», — dedi Frederik Bressan.
Ishtirokchilar adabiy va ma’naviy meros masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Shara Risoli o‘z ma’ruzasini Alisher Navoiy, uning homiylik faoliyati va Temuriylar saroyida tutgan o‘rniga bag‘ishladi.
Konferensiyaning yana bir mavzusi fransuz tadqiqotchilarining Amir Temur va Temuriylar merosini o‘rganish borasidagi ko‘p yillik faoliyati bo‘ldi. Jumladan, ishtirokchilar 30 yildan buyon sulola tarixi bo‘yicha materiallarni chop etib kelayotgan «Temuriylar» jurnali faoliyatini muhokama qildilar. Islom sivilizatsiyasi markazi jurnalning shu davr mobaynida nashr etilgan barcha sonlarini jamlab, alohida to‘plam shaklida nashr etishni rejalashtirmoqda.
Firdavs Abduxoliqovning ta’kidlashicha, fransuz olimlari bilan hamkorlik yangi tarixiy manbalarni aniqlashga yordam berishi mumkin.
« Biz Amir Temur merosini faqat o‘tmish haqidagi xotira sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlodlar uchun muhim ilmiy va ma’naviy manba sifatida ko‘rishimiz kerak. Fransiyalik olimlar bilan hamkorlikda hali ko‘plab yangi manbalarni aniqlashimiz, tadqiqotlar olib borishimiz va tarixning bizga noma’lum bo‘lgan sahifalarini ochishimiz mumkin», — dedi u.
Jeneva diplomatik doirasi prezidenti va asoschisi Robert F. Blum o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonning madaniy merosi xalqaro muloqotda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
« Menimcha, insoniyatni birlashtirib turuvchi eng muhim jihatlardan biri — e’tiqod va ma’naviy qadriyatlarimizdagi mushtaraklikdir. Qaysi yurtda tug‘ilganimiz va qanday muhitda ulg‘ayganimizdan qat’i nazar, tinchlik va hamjihatlikka bo‘lgan intilishimiz barchamizni birlashtiradi», — dedi Blum.
Ishtirokchilar qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, tarixiy manbalar va madaniy meros obyektlarini birgalikda o‘rganish, ilmiy nashrlar, kataloglar va ko‘rgazmalar tayyorlash masalalarini ham muhokama qildilar.
Amir Temurning Fransiya bilan diplomatik aloqalari tarixiy ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Jumladan, uning Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalari saqlanib qolgan bo‘lib, ular XV asr boshlarida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi siyosiy aloqalardan dalolat beradi.
Konferensiya yakunida tomonlar O‘zbekiston va Fransiya olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish, Amir Temur va Temuriylar merosini birgalikda o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



