Iordaniya poytaxti Ammon shahrida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning arab tiliga tarjima qilingan « Hozirgi dunyo va Yangi Oʻzbekiston» kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbir respublika mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlandi, deya xabar beradi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITsM) matbuot xizmati.
Kitob olti bob va xulosadan iborat. Unda Mirziyoyevning Oʻzbekistonni rivojlantirish, davlat boshqaruvini isloh qilish, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va xalqaro hamkorlik borasidagi qarashlari bayon etilgan. Ilm-fan, taʼlim va madaniyatni rivojlantirishni nazarda tutuvchi Uchinchi Renessans konsepsiyasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Asar arab tilidan tashqari ingliz, italyan, rus va urdu tillariga ham tarjima qilingan.
Taqdimotda Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisi, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, respublika Musulmonlar idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazar, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Oʻzbekistonning Iordaniyadagi elchisi Nodirjon Turgʻunov, shuningdek, Iordaniya parlamenti, diniy tashkilotlari hamda ilmiy jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Iordaniya Вosh muftiysi Ahmad al-Hasanоt Oʻzbekiston rahbariyatining diniy merosni asrab-avaylash va islom taʼlimini rivojlantirish borasidagi faoliyatiga yuqori baho berdi.
«O‘zbekiston — shunchaki qadimiy tarixga ega mamlakat emas, balki butun islom ummatining ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutgan, jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlar yetishib chiqqan muborak zamindir», — dedi u.
Muftiy, shuningdek, diniy taʼlim muassasalarini rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash va tadqiqot markazlarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlarni qayd etdi.
Iordaniyaning Ol al-Bayt universiteti vitse-prezidenti, professor Hani Ahurshida mamlakatlar oʻrtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikning muhimligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, bu kabi uchrashuvlar ixtiloflarni bartaraf etish va xalqlarning bir-birini boyitishiga xizmat qiladi.
«Asarda taʼkidlanganidek, insoniyat nizolar oʻrniga hamkorlikni, qoʻrquv oʻrniga ilmni, adovat oʻrniga oʻzaro ishonchni tanlagandagina barqaror taraqqiyotga erisha oladi», — dedi professor.
Prezident kitobi bilan birga Ammonda Oʻzbekiston tarixi va zamonaviy taraqqiyotiga bagʻishlangan arab tilidagi yana toʻqqizta nashr taqdim etildi. Ular orasida «Shavkat Mirziyoyev — jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi» albomi, Pokiston Вosh vaziri Shahboz Sharif soʻzboshi yozgan «Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepsiyasi» kitobi va «Yangi Oʻzbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bagʻrikenglik diyori» nashri bor. Kitoblar Iordaniya kutubxonalariga tuhfa qilindi.
Taqdimot «Oʻzbekiston: sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» kitob koʻrgazmasi va «Movarounnahr — asrlar osha islom sivilizatsiyasi nuri» mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan birga oʻtkazildi. Ishtirokchilarga, shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi tanishtirildi. Tashkilotchilarning maʼlumotlariga koʻra, tadbirlarda 1500 dan ortiq kishi qatnashdi.
Ishtirokchilar oldida soʻzga chiqqan ITsM direktori Firdavs Abduxoliqov Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan tashabbusi — jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish haqida eslatib oʻtdi.
« O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – bu, eng avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va mualliflik g‘oyasi asosida amalga oshirilgan ulkan ma’rifiy loyihadir. Davlatimiz Rahbari 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etish zarurligini ta’kidlagan edi. Markaz ana shu ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish, buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va uni jahonga tanitishga xizmat qiladi», — dedi Abduxoliqov.



