O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumati Isroil tomonidan 9 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohadagi turar-joy hududiga uyushtirilgan raketa zarbasini qoraladi.
O‘zbekiston bu zarbalarni «Qatar davlatining suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz, deb biladi», deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
«Bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanadi. O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishiga va Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada keskinlashtiradigan qadamlarga izchil ravishda qarshi ekanini bildiradi», — deya ta’kidlaydi TIV.
«Bu harakatlar qanday maqsadlarni qo‘zlashidan qat’i nazar, ularni qabul qilib bo‘lmaydi, chunki ular Qatar davlatining suveren huquqlarini ochiqdan-ochiq buzmoqda va xalqaro huquq tamoyillariga ziddir», — deydi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev matbuot xizmati.
«Ushbu harakatlar xalqaro huquq tamoyillari va BMT Nizomini buzadi, shuningdek, Qatar davlatining hududiy yaxlitligi va suverenitetiga putur yetkazadi», — deyiladi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov matbuot xizmati bayonotida.
ℹ️ 9 sentyabr kuni tushdan keyin Isroil Hamas bilan tinchlik muzokaralari olib borilayotgan Dohaga havo hujumi uyushtirdi. Operatsiya «Yong‘in cho‘qqisi» deb nomlangan. Uning amalga oshirilishiga bir kun avval Quddusga kiraverishda sodir bo‘lgan, ikki terrorchi tomonidan otishma natijasida olti kishi halok bo‘lgan terakt sabab bo‘lgan. Hujum uchun mas’uliyatni HAMAS o‘z zimmasiga olgan.
«Yong‘in cho‘qqisi» operatsiyasida 15 ta qiruvchi samolyot qatnashgan, ular bir necha soniya oralig‘ida nishonga o‘ndan ortiq bomba tashlagan.
Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) va Bosh xavfsizlik xizmati (SHABAK) qo‘shma bayonotida ta’kidlanishicha, zarba ko‘p yillar davomida «terrorchilik tashkiloti operatsiyalariga rahbarlik qilgan, 7 oktabrdagi shafqatsiz qirg‘in uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan, shuningdek, Isroil davlatiga qarshi urushni uyushtirgan va olib borgan» XAMAS rahbariyati a’zolariga qaratilgan. SAXALning ta’kidlashicha, zarbadan oldin tinch aholiga yetkaziladigan zararni minimallashtirish, jumladan, aniq o‘q-dorilardan foydalanish va qo‘shimcha razvedka ma’lumotlarini to‘plash choralari ko‘rilgan.
Al Arabiya xabariga ko‘ra, zarba qurbonlari HAMAS harakatining G‘azo sektoridagi yetakchisi Xalil al-Haya, Xamasning xorijdagi vakolatxonasi rahbari Xolid Meshaal va harakatning G‘arbiy Sohildagi yacheykasi qo‘mondoni Zahir Jabarin bo‘lgan. Biroq, keyinroq Al Hadath telekanali Xamas bayonotini keltirgan, unda tashkilot rahbariyatining o‘ldirilgani inkor etiladi. Bayonotda aytilishicha, harakat yetakchilari tirik qolgan, biroq delegatsiyaning boshqa bir qancha a’zolari, jumladan al-Hayaning o‘g‘li Hammam ham o‘lgan. Qatar Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, havo hujumi oqibatida ichki xavfsizlik kuchlarining bir xodimi halok bo‘lgan, uning bir necha hamkasblari yaralangan.