Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 30 noyabrga Jogorku Kenesh (parlament) deputatlari uchun muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni belgiladi.Tegishli farmon davlat rahbari saytida e’lon qilindi.
Farmonga ko‘ra, Saylov va referendum o‘tkazuvchi markaziy komissiyaga saylovni masofaviy ovoz berish tizimidan foydalangan holda mamlakat qonunchiligiga muvofiq tashkil etish topshirildi.
Hukumat saylovni o‘tkazish uchun zarur mablag‘lar ajratadi va tayyorgarlik ko‘rish davrida qonun ustuvorligini, fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamoat tartibini muhofaza qilish choralarini ko‘radi.
Vazirlar Mahkamasiga bir qator boshqa funksiyalar ham yuklandi, jumladan:
✅ saylovchilarning aniq ro‘yxatlarini tuzish uchun Qirg‘iziston aholisining yagona davlat reyestrini yangilash;
✅ real vaqt rejimida (onlayn) saylovchilarni identifikatsiya qilish tizimini takomillashtirish, aloqa kanallarini tashkil etish va ulardan foydalanish;
✅ Saylov va referendumlar o‘tkazuvchi markaziy komissiyaga kiberxavfsizlik masalalarida ko‘maklashish;
✅ Ovoz berish uchun asbob-uskunalar va saylovchilar identifikatsiyasini xavfsiz saqlashni ta’minlash.
▶️ 30 sentyabr oqshomida Sadir Japarovning xalqqa murojaati MTRK, ElTR va boshqa telekanallar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida namoyish etilishi kutilmoqda. Efir 21:00 da boshlanadi.
ℹ️ Eslatib o‘tamiz, 25 sentyabr kuni Jogorku Keneshning yettinchi chaqiriq deputatlari o‘zlarini tarqatib yuborishga qaror qilishgan edi. Qonunga ko‘ra, prezident parlament tarqatilishini e’lon qilganidan so‘ng besh kun ichida muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish sanasini belgilashi kerak. Odatda, saylov sanasi saylov kuniga 90 kalendar kundan kechiktirmay e’lon qilinadi. Biroq, muddatidan oldin saylovlar bo‘lsa, bu muddat uchdan bir qismga qisqartiriladi.
Bo‘lajak saylovlar joriy yilning iyun oyida Japarov imzolagan Konstitutsiyaviy qonun bilan tasdiqlangan yangi tizim bo‘yicha o‘tkaziladi. Mamlakat bo‘ylab ko‘p mandatli o‘ttizta hududiy saylov okrugi tuziladi, har bir okrugda uchtadan nomzod deputatlik mandatlarini qo‘lga kiritadi. Bundan tashqari, gender kvotasi doirasida har bir tumanda bittadan deputatlik o‘rini ajratilib, kamida 30 nafar ayol parlamentda saylanishini ta’minlaydi.
O‘zgartirishlar ma’qullanishidan oldin ham Japarov hujjatni «qirg‘iz xalqi uchun mos variant» deb atadi. Davlat rahbari yangi tizim odamlarga tanlash huquqini berishini, saylovchilar nomzoddan norozi bo‘lsa, bu ularning zimmasiga tushishini tushuntirdi.
 
	 
			 
			 
			 
			