Bishkekning Oktyabr tuman sudi Temirov Live, Kloop.kg va «Ayt ayt dese» nashrlarini ekstremistik deb tan oldi. Bu haqda Kaktus.media Qirg‘iziston poytaxti shahar sudiga tayanib xabar berdi.
Oktyabr tuman prokuraturasining arizasi bo‘yicha qaror 27 oktyabr kuni chiqarildi.
Nafaqat yuqorida tilga olingan nashrlarning materiallari, balki ularning egalari — T.B.M. (Bolot Temirov, Temirov Live i «Ayt Ayt Dese») va T.R.R. (Rinat Tuxvatshin, Kloop.kg) ning faoliyati ham ekstremistik deb topildi.
Qirg‘izistonning «Ekstremistik faoliyatga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, ekstremistik tashkilotlar materiallarini tarqatish taqiqlangan va buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
ℹ️ Tergovchi jurnalist Bolot Temirov 2023 yil noyabr oyida Qirg‘izistondan chiqarib yuborilgan va uning besh yilga mamlakatga kirishi taqiqlangan. Kloop.kg asoschilaridan biri Rinat Tuxvatshin ham chet elda yashaydi.
2023 yil 30 dekabr kuni Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi internetni monitoring qilgan paytda «Ayt Ayt Dese» va Temirov Live sahifalarida ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etishga chaqiruvchi ma’lumotlar topilganini e’lon qilgan. Jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va 11 nafar jurnalist hibsga olingan. Ular norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklarga chaqirishda ayblangan. 2024 yil oktyabr oyida Temirov Live va «Ayt Ayt Dese» direktori Maxabat Tajibek qizi olti yilga ozodlikdan mahrum qilindi, «Ayt Ayt Dese» oqini Azamat Ishenbekov besh yilga ozodlikdan mahrum etildi va ikki jurnalist uch yillik probatsiya muddatini oldi. Ish bo‘yicha qolgan sudlanuvchilar dalillar yetarli emasligi sababli oqlandi.
Kloop.kg tahririyati bir necha yillardan beri rasmiylar bosimi ostida bo‘lgan. 2023 yil kuzida Kloop sayti bloklandi va 2024 yil fevral oyida sud loyihaning yuridik obyekti — Kloop Media jamoat fondini tugatdi. 2025 yil sentyabr oyida nashrning to‘rt nafar sobiq xodimi — ikkita operator va ikkita buxgalter – «norozilik qo‘zg‘atish va ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish»da aybdor deb topildi.