Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, unda barcha ish beruvchilar xodimlarning ish haqini faqat naqd pulsiz shaklda to‘lashlari shart etib ko‘rsatilgan. Respublika rahbari matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, boshqa qonun hujjatlariga ham o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ilgari Mehnat kodeksining 91-moddasida faqat yuridik shaxslar tomonidan naqd pul to‘lovlari taqiqlangan bo‘lsa, o‘zgartirishlardan so‘ng ushbu qoida yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tegishli bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash lozim, naqd pul bilan ish haqini to‘lash mumkin bo‘ladi, faqat favqulodda holat e’lon qilingan taqdirdagina. Bundan tashqari, Qirg‘iziston hukumati muayyan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yoki respublikaning ayrim hududlaridagi ish beruvchilarga ish haqini «qog‘oz» pullar bilan to‘lashga ruxsat berishi ham mumkin.
Shu bilan birga, Japarov Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Jumladan, futbol sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarning yollangan xodimlari daromadlari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu shartnoma asosida ishlaydiganlarga tegishli. Mazkur qoida ish haqi, bonuslar, nafaqalar, mukofotlar, kompensatsiya, moliyaviy yordam va boshqa imtiyozlarga tegishli bo‘ladi.
Yana bir o‘zgartirishga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra davlat ehtiyojlari uchun ko‘chmas mulkni almashtiradigan yoki o‘tkazadigan subyektlar nol stavkali soliqqa tortiladi.
«Qonunning maqsadi soliq qonunchiligini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi tartiblarini soddalashtirish, adolatli raqobat uchun sharoit yaratish va soyadagi iqtisodiyotni kamaytirishga qaratilgan», — deyiladi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabarida.
 
	 
			 
			 
			 
			