Qirg‘iziston prezidenti MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyevni ishdan bo‘shatdi

Qamchibek Tashiyev. aki.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyevni ishdan bo‘shatdi va uni Bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ham ozod qildi. Bu haqda davlat rahbari saytida xabar berildi.

Japarov tomonidan imzolangan farmon Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasining 70-moddasi 1-qismining 4-bandi va 71-moddasiga muvofiq ekani bayon qilingan. Tashiyevning ishdan bo‘shatish sabablari oshkor etilmagan.

Shu kuni, 10 fevralda prezident saytida Jumgalbek Shabdanbekov MXDQ raisi vazifasini bajaruvchi yetib tayinlangani e'lon qilindi. Uning nomzodi endi Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.

Keyinroq davlat rahbari matbuot xizmati Japarovning o‘z farmonlari bo‘yicha tushuntirishlarini e'lon qildi.

«Avvalo, men bu qarorni davlatimiz manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida qabul qildim», — deydi Japarov.

ℹ️ Kamchibek Tashiyev 2020 yil oktyabr oyida maxsus xizmatlar rahbari etib tasdiqlangan. Uni tayinlash to‘g‘risidagi farmonni o‘sha paytdagi prezident vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov imzolagan edi.

Ma'lumki, siyosatchilar munozaralarda bir necha bor yagona pozitsiyani himoya qilishgan va 2012 yili ochilgan umumiy jinoiy ish ularning shaxsiy aloqalarini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng, Japarov hokimiyat tepasiga kelganida, tahlilchilar siyosiy tandem haqida gapira boshlagandilar. Natijada, Tashiyev respublika Bosh vazirining o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimlarini egalladi. U eng shov-shuvli jinoiy ishlarni nazorat qildi va mamlakat rahbarining eng yaqin ishonchli odamiga aylandi.

ℹ️ Jumgalbek Shabdanbekov 1970 yil 22 sentabrda tug‘ilgan. MXDQ raisi vazifasini bajaruvchi yetib tayinlanishidan oldin u qo‘mita raisining o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 9-xizmati boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. General-mayor unvoniga ega.