Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida amalga oshirilgan.
Delegatsiya Markazda tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar orqali talqin etilishi bilan tanishdi. Ekspozitsiyalar bo‘ylab sayohat Amir Temur va temuriylar davridan Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rniga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni qamrab oldi.
Odil Reno-Bassoning e’tiborini nodir so‘zanalar, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining interaktiv maketi hamda raqamli muzeychilik yechimlari alohida tortdi. Ushbu eksponatlar Markazda o‘tmish merosi faqat namoyish etilmasdan, zamonaviy vositalar yordamida qayta anglanishini namoyon etdi.
Tashrif yakunida Markaz direktori Firdavs Abduxalikov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentiga «Uchinchi Renessans» mavzusiga bag‘ishlangan kitobni topshirdi. Nashrda O‘zbekistonning mashhur olimlari hissasi, fan va ma’rifat rivoji, shuningdek mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar keltirilgan.
«Bu markaz mamlakatning boy o‘tmishi va kelajakka qaratilgan zamonaviy yondashuvi uyg‘unlashgan g‘oyat ta’sirchan maskandir. U O‘zbekistonning Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lida tutgan o‘rnini anglashga yordam beradi. Eng hayratlanarli jihati — tarixiy merosning innovatsion texnologiyalar va sun’iy intellekt vositalari bilan uyg‘unlashtirilganidir. Bu yerda o‘tmish bilan bugun o‘rtasida jonli muloqot yaratilgan. Men ushbu Markazni o‘tmish qudrati va O‘zbekistonning kelajak imkoniyatlarini yaqqol aks ettiruvchi maskan sifatida baholayman. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu ulkan tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik bildiraman»,— dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso.
YETTB prezidenti Markazning faxriy mehmonlar kitobida ham o‘z taassurotlarini qoldirdi. U muzeyni g‘aroyib maskan sifatida ta’riflab, O‘zbekistonning qadim davrlardan ikki Renessans orqali zamonaviy O‘zbekistongacha bo‘lgan boy tarixi bo‘ylab o‘ziga xos sayohat qilganini qayd etdi. Shuningdek, qadimiy buyumlar, zargarlik namunalari, gilamlar va kitoblarning zamonaviy texnologiyalar hamda yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar ochib beruvchi sun’iy intellekt vositalari bilan uyg‘unlashgani unda katta taassurot qoldirganini yozdi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



