Avval O‘zbekiston tarkibiga kirgan ikki aholi punktini topshirish jarayoni to‘liq yakunlandi: Cho‘ng‘ara va Tosh-To‘bo rasman Qirg‘iziston hududiga aylandi. Bu haqda 23 iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi.
Cho‘ng‘ara (Chon-Gara) va Tosh-To‘bo avval O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan. Ushbu aholi punktlarida etnik qirg‘izlar zich yashaydi — rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularning soni taxminan 2500 nafarni tashkil etadi. Hududlarni topshirish O‘zbekiston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilish doirasida amalga oshirildi. Endi mazkur qishloqlarda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlanadi va barcha aholiga Qirg‘iziston fuqaroligi beriladi.
Askat Alagozovning aniqlik kiritishicha, ikki qishloqni qabul qilib olish evaziga qirg‘iz tomoni chegara hududida joylashgan maydoni teng yer uchastkalarini O‘zbekistonga topshirgan.
Bundan tashqari, mazkur kelishuvlar doirasida umumiy maydoni 236 gektar bo‘lgan teng qiymatli yer maydonlari ham o‘zaro almashtirilgan. Bu ishlar Say qishlog‘idan Tayan qishlog‘igacha yangi avtomobil yo‘lini qurish maqsadida amalga oshirilgan. Natijada Botken viloyati aholisi Aydarkendan Botken shahriga Say va Tayan qishloqlari orqali yangi yo‘nalish bo‘yicha qatnay oladi. Yangi yo‘lning uzunligi taxminan 55 kilometrni tashkil etadi, bu esa hozirgi 225 kilometrlik aylanma yo‘lga nisbatan ancha qisqa hisoblanadi.
Matbuot kotibi Askat Alagozovning ma’lum qilishicha,
Qirg‘iziston Qozog‘istonga To‘qmoq shahri (Chuy viloyati) hududidagi yo‘lning 800 metrlik qismi bo‘yicha teng qiymatli yer uchastkalari almashinuvini taklif qilgan.
Gap Bishkek — Narin — Torugart avtomagistralining Chu daryosi bo‘ylab o‘tuvchi qismi haqida ketmoqda. 24.kg nashrining yozishicha, Cho‘y vodiysining ayrim hududlarida davlat chegarasi aynan Chu daryosi orqali o‘tadi.
Alagozovning ta’kidlashicha, mazkur yer almashinuvi amalga oshsa, Bishkekdagi Olmaota ko‘chasidan Kemin shahrigacha taxminan 150 kilometr uzunlikdagi pullik avtomagistral qurish imkoniyati yaratiladi.
ℹ️ 2023 yil boshida Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zaro davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonini rasman yakunlagan edi. 27 yanvar kuni ikki davlat rahbarlari — Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov tegishli shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi yorliqlar bilan almashgan.
Shartnoma umumiy uzunligi 302,29 kilometr bo‘lgan chegara chizig‘ini, shu jumladan qo‘shma chegaraning 35 ta uchastkasi bo‘yicha kelishuvlarni belgilab beradi. Unga muvofiq, Andijon (Kampirobod) suv ombori hududining 4957 gektari hamda to‘g‘onni saqlash va muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektar yer O‘zbekistonga o‘tgan. Kompensatsiya sifatida Qirg‘izistonga 1019 gektar yaylov yerlari hamda Govasoy uchastkasida joylashgan 12 849 gektar yer maydoni berilgan. Bu hududlar Andijon suv omborining chap sohilida rejalashtirilgan, ammo qurilmagan Kampirobod kanali uchun tovon sifatida ajratilgan.



