Qirg‘izistonning sobiq Bosh prokurori Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

Chapdan o‘ngga: Jumgalbek Shabdanbekov, Maqsat Asanaliyev, Malik Bekturganov. 24.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Maksat Asanaliyev tayinlandi. Bu haqdagi farmonga mamlakat prezidenti 30 iyun kuni imzo chekdi.

Asanaliyevning nomzodi kelishish va lavozimga tayinlash uchun Jogorku Kenesh (parlament)ga kiritildi. U bunga qadar Qirg‘iziston Bosh prokurori lavozimida faoliyat yuritgan. Bosh prokuror vazifasini esa vaqtincha uning birinchi o‘rinbosari Malik Bekturganov bajaradi.

Asanaliyevdan avval Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga rahbarlik qilgan Jumgalbek Shabdanbekov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. U maxsus xizmat rahbari lavozimini 2026 yil fevral oyida, Kamchibek Tashiyev iste’foga chiqqanidan so‘ng egallagan edi. Keyinchalik esa Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchilardan biriga aylandi.

ℹ️ Maksat Asanaliyev 1978 yilda Issiqko‘l viloyatida tug‘ilgan. U Qirg‘iziston Milliy universitetining yuridik fakultetini tamomlagan. 2001 yildan boshlab u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida (MXDQ) tergovchi va o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi sifatida faoliyat yuritgan, shu jumladan 2010 yilgacha Tergov boshqarmasida ishlagan. Keyin u ikki yil davomida Bosh prokuraturada o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi bo‘lib xizmat qilgan, so‘ng yana Tergov boshqarmasiga qaytgan. Keyinchalik u ichki tergovlar bo‘limiga rahbarlik qilgan, Bishkekning Pervomayskiy tumani prokurori bo‘lgan hamda Bosh prokuratura tizimida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2022 yil may oyidan boshlab O‘sh viloyati prokurori lavozimini egallagan, 2024 yil iyun oyida esa Qirg‘iziston Bosh prokurori etib tayinlangan.