Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ)ning sobiq raisi, Qirg‘iziston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Kamchibek Tashiyev hamda «75 maktub» ishi bo‘yicha yana yetti nafar ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 326-moddasi («Hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash») bo‘yicha aybdor deb topildi. Ularning barchasi mol-mulki musodara qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar beradi 24.kg nashri.
Shu bilan birga, sud barcha sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 337-moddasi («Mansab vakolatini suiiste’mol qilish») bo‘yicha oqladi.
Hukm qilinganlar orasida:
▪️ Nurlanbek Turgunbek uulu — Qirg‘iziston Jogorku Keneshining (parlamenti) sobiq spikeri;
▪️ Qurmanqul Zulushev — Jogorku Keneshning sobiq deputati;
▪️ Bekbolot Talgarbekov — jamoat arbobi;
▪️ Emilbek Uzakbayev — Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi;
▪️ Kurmanbek Diykanbayev — Jogorku Keneshning sobiq deputati;
▪️ Aali Karashev — Qirg‘iziston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari;
▪️ Kursan Asanov — Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari.
Biroq, mahkumlar jazoni koloniyada o‘tamaydilar — ozodlikdan mahrum qilish jazosi uch yillik probatsiya nazorati bilan almashtirildi. Agar ular uch yil davomida qonunni yoki probatsiya shartlarini buzsalar, ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin. Sud izohiga ko‘ra, bunday qaror jinoyat oxiriga yetkazilmagani va tayyorgarlik bosqichida qolgani sababli qabul qilingan. Shuningdek, sud sudlanuvchilarning shaxsini inobatga olib, ularni jamiyatdan ajratmasdan turib ham tuzatish mumkin, degan xulosaga kelgan.
Fevral oyidan buyon qamoqda saqlanayotgan besh nafar ayblanuvchi — Talgarbekov, Uzakbayev, Diykanbayev, Karashev va Asanov — sud zalining o‘zidayoq ozodlikka chiqarildi.
Bundan avval prokuror barcha ayblanuvchilarga nisbatan to‘qqiz yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan edi. Sudlanuvchilar esa so‘nggi so‘zlarida suddan ularni oqlashni so‘rashgan.
Tashiyev va Zulushevning advokatlari sud hukmiga qo‘shilmasliklarini bildirib, uni yuqori sud instansiyasida shikoyat qilish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.
ℹ️ Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 9 fevral kuni prezident va parlament spikeriga muddatidan avval prezidentlik saylovlarini o‘tkazish chaqirig‘i bilan murojaat e’lon qilingan edi. Ushbu murojaatga 75 nafar shaxs imzo chekkan.
Oradan bir kun o‘tib, 10 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Kamchibek Tashiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi lavozimlaridan ozod qildi. Prezident bu qarorini «jamiyatda, jumladan davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik, aksincha, birdamlikni mustahkamlash» istagi bilan izohlagan.
Keyinroq Tashiyevga nisbatan «75 shaxs ishi» deb nomlangan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlab ish materiallari maxfiylashtirildi va sud majlislari yopiq tarzda o‘tkazildi. 15 iyundan boshlab sud muhokamalari ochiq tartibda o‘tkazildi, ammo 22 iyundan e’tiboran ular yana maxfiy tartibga o‘tkazildi.



