Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov referendum to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunning yangi tahririni tasdiqladi. Unga ko‘ra, biror masala bo‘yicha umumxalq ovoz berishini tayinlash vakolati faqat davlat rahbariga beriladi. Amaldagi me’yorlarga ko‘ra esa, referendum Jogorku Kenesh (parlament) tomonidan qonun doirasida tayinlanadi, deya aniqlik kiritadi Kaktus.media.
Respublika rahbari 8 iyul kuni imzolagan hujjatda referendum Qirg‘iziston prezidentining farmoni bilan tayinlanishi belgilangan. Farmonda ovoz berish sanasi, ovozga qo‘yiladigan savollar matni va boshqa zarur ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi. Shuningdek, referendum sanasi farmon kuchga kirgan kundan boshlab ko‘pi bilan to‘rt oy ichidagi istalgan dam olish kuniga belgilanishi mumkin.
Yana bir yangilik sifatida masofaviy elektron ovoz berish imkoniyati joriy etildi. Bu bo‘yicha qaror har bir alohida referendumni tayinlash chog‘ida qabul qilinadi.
Qayd etilishicha, qonunga muvofiq, referendumda qabul qilingan qaror umummajburiy kuchga ega bo‘ladi, qo‘shimcha tasdiqlashni talab qilmaydi va respublika hududining barcha qismida amal qiladi.
Umumxalq ovoz berishga Konstitutsiya loyihasi, alohida qonunlar loyihalari hamda davlat ahamiyatiga molik boshqa masalalar chiqarilishi mumkin. Bunda savol shunday shakllantirilishi kerakki, u turlicha talqin qilish imkoniyatini istisno etsin va unga faqat bir ma’noli javob berish mumkin bo‘lsin.
Qonunda referendumga chiqarish mumkin bo‘lmagan masalalar ro‘yxati ham belgilab qo‘yilgan. Jumladan,
mamlakat prezidenti va Jogorku Kenesh deputatlarining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish yoki uzaytirish, shuningdek, davlat rahbari yoki parlament deputatlarining muddatidan oldingi saylovlarini o‘tkazish masalalarini ovozga qo‘yish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, «taqiqlangan mavzular» qatoriga urush va tinchlik, soliqlar hamda tariflarni joriy etish yoki bekor qilish, davlatning dunyoviylik xususiyati va hududiy yaxlitligini o‘zgartirish, Qirg‘izistonning ma’muriy-hududiy tuzilishi va chegaralari, amnistiya va avf etish, respublika budjeti qabul qilinishi hamda boshqa masalalar kiritilgan.
Shuningdek, mamlakatning butun hududida yoki ayrim hududlarida harbiy yoki favqulodda holat joriy etilgan davrda referendum o‘tkazish mumkin emasligi haqidagi norma ham qonunda mustahkamlangan.
Avvalgi referendum natijalari rasman e’lon qilingan kundan boshlab bir yil davomida aynan shu masala yoki mazmunan o‘xshash savol bo‘yicha takroriy ovoz berish o‘tkazilmaydi.
Referendum o‘tkazish tashabbusi quyidagilar tomonidan ilgari surilishi mumkin:
✅ Qirg‘iziston prezidenti;
✅ kamida 300 ming nafar saylovchi;
✅ Jogorku Kenesh deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi.
Japarov 8 iyul kuni imzolagan qonun 2026 yil 21 iyuldan kuchga kiradi. Shu munosabat bilan mamlakat Markaziy saylov komissiyasiga o‘zining me’yoriy-huquqiy hujjatlarini ushbu qonunning yangi tahririga muvofiqlashtirish topshirildi.



