O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Birinchi xalqaro forum yakunlandi

Forumning yopilish marosimi. ITSM fotosurati

O‘zbekistonda 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Birinchi xalqaro forum o‘z ishini yakunladi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar qildi.

Forumning yopilish marosimi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari deklaratsiyani qabul qildi, 2027–2031 yillarga mo‘ljallangan xalqaro hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladi hamda respublika Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi. Unda forumning Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgani ramziy ahamiyatga ega ekani, zero mazkur shaharlar azaldan ilm-fan va madaniyatning yirik markazlari bo‘lib kelgani ta’kidlangan.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar va mazkur markaz olimlar, universitetlar, muzeylar, arxivlar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarini birlashtiruvchi xalqaro maydonga aylanishiga umid bildirdilar.

Murojaatda, shuningdek, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati alohida qayd etilgan.

Forum ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon alyansini tashkil etishni taklif qildilar. Mazkur tashkilot xalqaro ilmiy, ta’lim va madaniy loyihalarni muvofiqlashtirib boradi.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, forum tadbirlarida 46 mamlakatdan 500 nafardan ortiq olimlar, tadqiqotchilar, davlat va jamoat arboblari ishtirok etdi. Ular orasida YUNЕSKO, ISЕSKO, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRSIKA), Xalqaro muzeylar kengashi, Turkiy akademiya, Butunjahon musulmonlar ligasi hamda boshqa tashkilotlar vakillari bor edi.

Forum dasturi doirasida Toshkent shahrida 14 ta yalpi yig‘ilish va 6 ta sho‘ba yig‘ilishi o‘tkazildi. Samarqand shahrida uchta xalqaro ilmiy konferensiya hamda 11 ta yalpi yig‘ilish tashkil etildi. Termiz shahrida esa bir xalqaro konferensiya va ikki sho‘ba yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchala shaharda tashkil etilgan ilmiy anjumanlarda jami 129 ta ma’ruza tinglandi.

Forum doirasida, shuningdek, beshta kitob taqdimoti o‘tkazildi, oltita anglashuv memorandumi va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolandi. Tashkilotchilar Islom sivilizatsiyasi tarixi va merosiga bag‘ishlangan bir qator ilmiy hamda nashriyot loyihalarini taqdim etdilar.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.