Bloomberg: Qozog‘iston tankerlarga qilingan hujumlar sababli Novorossiysk orqali neft eksportini to‘xtatdi

cpc.ru sayti fotosurati

Qozog‘iston uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan neft tashuvchi tankerlarga uyushtirilgan bir qator hujumlardan so‘ng Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) dengiz terminali yo‘nalishidagi quvur orqali neft yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar kamida joriy hafta oxirigacha amal qiladi. Bunday qaror Qora dengiz akvatoriyasida bir nechta hujumlar sodir etilganidan so‘ng kema egalari KQK terminaliga tankerlarni yuborishdan xavotirlanayotgani sababli qabul qilingan.

Reuters agentligi uchta soha manbasiga tayanib xabar berishicha, Kaspiy quvur konsorsiumi 21 iyul kuni neft qabul qilishni to‘xtatgan. Shu bilan birga, konsorsium rasman faqat xomashyo yuklash vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan, terminalga shikast yetgani yoki uning faoliyati izdan chiqqanini bildirmagan. Bu masala yuzasidan hozircha rasmiy izoh berilmagan.

Neft yetkazib berishning to‘xtatilishi Qozog‘istonda neft qazib olish hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Chunki mamlakatning dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish yo‘li yo‘q va QQK tizimi orqali Qozog‘iston neft eksportining 80 foizdan ortig‘i amalga oshiriladi.

Ushbu yo‘nalish orqali mamlakatning eng yirik neft konlaridan qazib olingan neft tashiladi. Bu konlar Chevron, ExxonMobil va Shell kabi xalqaro kompaniyalar ishtirokida o‘zlashtirilmoqda.

20 iyul kuni KQK dengiz terminalida neft yuklayotgan Nelsa tankeriga uchuvchisiz uchish apparati hujum qildi. Hujum oqibatida kemada yong‘in kelib chiqdi, ekipaj evakuatsiya qilindi va yuklash ishlari to‘xtatildi. Bundan avval ham konsorsium terminali orqali Qozog‘iston neftini eksport qilgan Nordic Zenith, ASIA, NISSOS IOS va Yasa Polaris tankerlari hujumga uchragan edi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolik kemalariga qilingan hujumlarni respublika iqtisodiy manfaatlariga tajovuz deb atadi, eksport infratuzilmasiga berilgan zarbalarni qoraladi hamda yetkazilgan zararni baholash va keyinchalik uni qoplashni talab qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.