O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi Ummondan 1000 ta kitobni qabul qilib oldi

Kitoblarni topshirish marosimi. ITSM fotosurati

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi fondi Ummon Sultonligidan taqdim etilgan 1000 ta kitob bilan boyitildi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdim etilgan kitoblar islom tarixi, Qur’on tafsiri, hadisshunoslik, fiqh, aqida, arab tili, islom sivilizatsiyasi tarixi va boshqa qator yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Kitoblarni topshirish marosimida Ummonda faoliyat yurituvchi Orabi International Group tashkiloti rahbari, tadqiqotchi va jamoat arbobi doktor Muhammad Zakariya Orobiy, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, Markaz rahbariyati, olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Markaz direktor o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva yangi nashrlar tadqiqotchilar uchun manbalar bazasini kengaytirishini va yosh olimlarni tayyorlash jarayonida foydalanilishini ta’kidladi.

«O‘mon Sultonligidan taqdim etilgan mazkur kitoblar nafaqat kutubxona fondini boyitadi. Ular islom sivilizatsiyasi tarixi, islom huquqi, tafsir, hadis, aqida, arab tili va boshqa yo‘nalishlarda fundamental tadqiqotlarni kengaytirish uchun mustahkam manba vazifasini bajaradi. Bu esa yangi avlod olimlarini tayyorlashga ham xizmat qiladi», — dedi Gulnora G‘aniyeva.

Muhammad Zakariya Orobiy kitoblarning taqdim etilishini Ummon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamda ilmiy aloqalar rivojining ramzi deb atadi.

«Bu shunchaki kitoblar emas. Bu ilmga bo‘lgan hurmat, ma’rifatga sadoqat va xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydigan intellektual ko‘prikdir. Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini yuksak qadrlaymiz. Bu markaz butun islom olamining ilmiy merosini birlashtiruvchi nufuzli platformaga aylanishiga ishonamiz», — dedi doktor Orobiy.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov kelib tushgan adabiyotlar tadqiqotchilar, o‘qituvchilar, magistrantlar va yosh olimlar uchun manbalar bazasini kengaytirish imkonini berishini qo‘shimcha qildi.

Marosim yakunida tomonlar qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, kitoblar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish va akademik dasturlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.