Islom sivilizatsiyasi markazida millatlararo totuvlik masalasi muhokama qilindi

Memorandum imzolanishi. ITSM fotosurati

Toshkentdagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida «Umummilliy birlik — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tadbir «Do‘stlik» festivali doirasida tashkil etildi va mamlakatda 30 iyul kuni nishonlanadigan Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlandi.

Konferensiyada diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, davlat va jamoat tuzilmalari xodimlari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, xorijdagi o‘zbek jamiyatlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilarga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigini uning maslahatchisi Hayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Ishtirokchilar millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish, davlat organlarining madaniy markazlar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Tashkilotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi hamda 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritadi.

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ma’rifat barqaror taraqqiyotning asosi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, markaz ekspozitsiyasi hozirgi O‘zbekiston hududidagi uch ming yillik sivilizatsiya tarixini aks ettiradi va xalqlar, madaniyatlar hamda dinlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni namoyon qiladi.

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev madaniy an’analarni asrab-avaylash, fuqarolarning millati va e’tiqodidan qat’i nazar teng huquqlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Shuningdek, u «Do‘stlik» festivali O‘zbekistonda beshinchi marta o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Konferensiya doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Tomonlar birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro va respublika miqyosidagi konferensiyalar, ko‘rgazmalar hamda ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, media loyihalarni rivojlantirish va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib qilish bo‘yicha kelishib oldilar. Alohida e’tibor fuqarolik birligi va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan yoshlar tashabbuslariga qaratiladi.

Konferensiyada millatlararo totuvlik va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga hissa qo‘shgan faollar «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar muhokama qilingan masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar tayyorladilar.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.