24 avgustdan 29 avgustga qadar Toshkentda «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Tadbirning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Forumda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Dasturdan yalpi majlislar, tematik ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Ishtirokchilar hujjatli kino, tarixiy xotirani saqlash, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar va media sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.
O‘zbekistonlik talabalar uchun jurnalistika va media kontent ishlab chiqarish bo‘yicha xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi.
27 avgust kuni ishtirokchilarning Samarqandga safari rejalashtirilgan. Ular Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Xorijiy jurnalistlar uchun Toshkent bo‘ylab mediatur tashkil etiladi.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



