Mediaforumda O‘zbekistonning buyuk shaxslariga oid sharq miniatyuralari asosida yaratilgan kitob taqdim etiladi

Buyuk shaxslar. ITSM fotosurati

«O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar sharq miniatyuralarida» kitob-albomi Toshkent va Samarqandda o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumda taqdim etiladi. Bu haqda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov hamda Turkiyaning Mega Basim nashriyoti boshqaruvi raisi Hasanbey Kondu o‘tkazadi.

Kitob-albomdan XIII–XVIII asrlarga oid, hukmdorlar, olimlar, shoirlar, mutafakkirlar va rassomlar tasvirlangan 300 ga yaqin rangli miniatyura o‘rin olgan. Ular orasida Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Sulton Sanjar va Aleksandr Makedonskiy kabi tarixiy shaxslar bor.

Jami albomda 80 dan ortiq hukmdor, shahzoda va malika, shuningdek, 20 dan ziyod shoir, olim, mutafakkir va rassomning tasvirlari jamlangan. Ular Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Boburiylar, Shayboniylar va Ashtarxoniylar tarixi bilan bog‘liq.

Nashr uchun materiallar qariyb ikki yil davomida to‘plangan. Miniatyuralar turli mamlakatlarning muzey va kutubxona fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalardan olingan. Ular orasida Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi, Vashingtondagi Frir galereyasi, Britaniya kutubxonasi, Topqopi saroyi, Fransiya Milliy kutubxonasi va Og‘a Xon kolleksiyasi mavjud.

Albomni tayyorlashda foydalanilgan qo‘lyozma manbalar orasida «Me’rojnoma», «Boburnoma», «Temur tuzuklari» va boshqa asarlar bor.

Firdavs Abduholiqovning mualliflik loyihasi ilk bor 2023 yilda Samarqanddagi xalqaro kongressda taqdim etilgan. Kitob uning Sharq miniatyurasidagi tarixiy portretlar bo‘yicha tadqiqotlari natijasi bo‘lib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.

2024 yilda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Mega Basim nashriyoti kitob-albomni Turkiyada nashr etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Turkiya nashriyoti avval ham O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan.

Xalqaro mediaforum 2026 yil 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilmoqda. Forumning markaziy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Unda qariyb 50 ta davlatdan 300 nafarga yaqin media va ekspertlar hamjamiyati vakillari — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.