O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ko‘magida jurnalist-gidlar tayyorlanadi

ITSM fotosurati

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti mamlakat tarixi hamda jurnalistlarning madaniy meros bilan ishlash faoliyatiga bag‘ishlangan «Gid-jurnalistikasi» o‘quv kursini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi yo‘nalish tomonlar 24 avgust kuni «Islom sivilizatsiyasi va zamonaviy media: yosh jurnalistlar nigohida» tadbiri doirasida imzolagan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvda ko‘zda tutilgan.

«Gid-jurnalistikasi» universitetning asosiy ta’lim dasturiga kiritilishi, fakultativ kurs bo‘lmasligi rejalashtirilmoqda. Talabalarga tarixiy manbalar, muzey kolleksiyalari, shuningdek, O‘zbekistonning madaniy va ilmiy merosiga oid materiallar bilan ishlash o‘rgatiladi.

Mashg‘ulotlarning bir qismi bevosita Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Kelishuv doirasida sayyor mashg‘ulotlar, mahorat darslari va tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, talabalarni qo‘shma media loyihalarga jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Tomonlar, shuningdek, yosh jurnalistlarni xorijlik mutaxassislar bilan ishlashga jalb qilish va xalqaro auditoriya bilan ishlay oladigan kadrlar tayyorlashni rivojlantirish niyatida. Ta’lim dasturida xorijiy tillarni chuqur o‘rganish ham ko‘zda tutilgan.

Kelishuv Toshkent va Samarqand shaharlarida 24–28 avgust kunlari o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida tuzildi.

Forumda 50 ga yaqin davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hisoblanadi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.