Pokiston Afg‘oniston bilan munosabatlar sezilarli darajada yaxshilanishi uchun Kobul tomonidan Pokiston hududiga hujum qilayotgan jangarilarga qarshi aniq va tekshirilishi mumkin bo‘lgan choralar ko‘rilmasdan turib hanuz imkonsiz ekanini ma’lum qildi. Bu haqda chorshanba kuni Dawn nashri Pokiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Tohir Androbiyning brifingiga tayanib xabar berdi.
Androbiyning so‘zlariga ko‘ra, Islomobod Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishda Xitoyning «konstruktiv va barqaror ishtirokini qadrlaydi». Biroq, u uchinchi davlatlarning vositachiligi Kobulning o‘z hududidagi terrorchilik tarmoqlarini, birinchi navbatda, Pokistonda taqiqlangan «Tehrik-i Tolibon Pokiston» (TTP) guruhi va Balujistonni ozod qilish armiyasi (BLA), shuningdek, Afg‘oniston hududidan Pokistonga qarshi faoliyat yuritayotgan «boshqa tashkilotlar»ni tugatish bo‘yicha amaliy harakatlarining o‘rnini bosa olmasligini ta’kidladi.
Diplomatning ta’kidlashicha, Pokistonning pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda: ikki tomonlama munosabatlardagi taraqqiyot Afg‘oniston tomoni o‘z hududidan Pokistonga qarshi terrorchilik faoliyati uchun foydalanilmasligi bo‘yicha «tekshirilishi mumkin bo‘lgan yozma kafolatlar»ni taqdim etish-etmasligiga bog‘liq. TTP jangarilarini shunchaki boshqa hududga ko‘chirish Islomobod uchun yetarli chora hisoblanmaydi — Kobuldan ularning qo‘mondonlik tuzilmasi, tayyorgarlik infratuzilmasi va logistika tarmoqlarini tugatish talab etiladi.
Bu bayonot Afg‘oniston-Pokiston inqirozi atrofida diplomatik faollik davom etayotgan bir paytda yangradi. Xitoyning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Yue Syaoyun Islomobodga tashrif buyurib, 2026 yil bahorida Pekin ishtirokida ishga tushirilgan uch tomonlama muzokaralar formati — «Urumchi jarayoni»ni qayta jonlantirishga harakat qildi. Ushbu format Istanbul va Dohada o‘tkazilgan bir necha samarasiz muzokaralar raundidan so‘ng boshlangan edi. Shu bilan birga, Afg‘onistonning Pokistondagi elchisi Sardar Shakib Islomoboddagi Milliy mudofaa universitetida nutq so‘zlash uchun taklif qilindi. Biroq, Tashqi ishlar vazirligi vakili diplomatlarning akademik muassasalarga bunday tashriflari odatiy hol ekanini alohida ta’kidlab, ushbu muloqotni munosabatlar yaxshilanishining belgisi sifatida «ortiqcha baholamaslik» kerakligini ta’kidladi.
Islomobodning qat’iy bayonotlari BMTning Sanksiyalar bo‘yicha tahliliy qo‘llab-quvvatlash va monitoring guruhining yaqinda e’lon qilingan hisoboti ma’lumotlariga ham tayanadi. Hisobotga ko‘ra, toliblar Pokiston chegarasiga tutash hududlardan TTPning qariyb 2 ming nafar janchisi va ularning oila a’zolarini ko‘chirgan. Shu bilan birga, hisobotda qayd etilishicha, «Tolibon» harakati rahbari Haybatulla Oxundzoda ommaviy tarzda Pokistonga hujumlar uyushtirishdan ogohlantirgan bo‘lsa-da, harakatning TTPni qo‘llab-quvvatlashi davom etmoqda. Bu davrda guruhning o‘zi hujumlarni kuchaytirib, tashkiliy tuzilmasini kengaytirgan.
Pokiston va Afg‘onistondagi «Tolibon» harakati 2025 yil kuzidan buyon inqirozning bir necha keskin bosqichini boshdan kechirdi. Ular orasida chegaradagi qurolli to‘qnashuvlar, 2025 yil oktyabr oxirida Istanbulda o‘tkazilgan va muvaffaqiyatsiz yakunlangan muzokaralar, Dohada kelishilgan vaqtinchalik sulhlar hamda 2026 yil bahorida Urumchida Xitoy ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuvda tasdiqlangan kelishuvlar bor. Shu vaqt mobaynida Islomobodning asosiy talabi o‘zgarmadi: Kobul TTPni terrorchilik tashkiloti sifatida rasman tan olishi va uning infratuzilmasini tugatishi kerak. Kobul esa izchil ravishda guruh ustidan nazoratga ega emasligini va uning harakatlari uchun javobgarmasligini ta’kidlab kelmoqda.



