Elektron shaklda xizmat ko‘rsatadigan yoki elektron savdo platformalari orqali tovarlar sotadigan xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda soliq to‘lashi shart. Tegishli qonun respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 10 sentyabr kuni imzolandi va ikki kun o‘tib hujjat e’lon qilindi.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar elektron shaklda xizmat ko‘rsatadigan yoki onlayn savdo platformalari orqali tovarlarni realizatsiya qiladigan xorijiy yuridik shaxslarga taalluqli. Agar tovar yoki xizmatni realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston deb e’tirof etilsa, bunday kompaniyalar jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar va sotiladigan tovarlar bo‘yicha soliq to‘lovchilarga aylanadi.
Xorijiy kompaniyalar faoliyatini boshlagan yoki tugatgan paytdan e’tiboran 30 kalendar kunidan kechiktirmay soliq organida hisobga turishi shart. Ariza elektron shaklda beriladi. Bunday shaxslar soliq hisobotlarini belgilangan formatda soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali taqdim etadi.
Elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga tovarlarni realizatsiya qilishda soliq bazasi soliq summasini ham hisobga olgan holda tovarlar qiymati sifatida belgilanadi. U tovarlarning amaldagi sotuv narxlaridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Qonun, shuningdek, soliq agentlari institutini joriy etadi. Agar xorijiy kompaniyalar jismoniy shaxslarga elektron xizmatlar ko‘rsatsa yoki platformalar orqali tovarlar sotsa, hisob-kitoblarda bevosita ishtirok etuvchi vositachilar soliq agentlari deb e’tirof etiladi. Ular topshiriq, vositachilik yoki agentlik shartnomalari asosida faoliyat yurituvchi xorijiy yoki mahalliy yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.
Zanjirda bir nechta vositachi ishtirok etgan taqdirda, xaridorlar va xorijiy sotuvchi bilan bevosita muloqot qiladigan vositachi soliq agenti hisoblanadi. Agar xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonning elektron savdo platformalari orqali ishlasa, ushbu veb-resurslarning operatorlari soliq agentlariga aylanadi. Xizmatlar O‘zbekiston yuridik shaxslariga yoki respublikada doimiy muassasalar orqali faoliyat yurituvchi norezidentlarga ko‘rsatilgan hollarda esa soliq agentlari sifatida xaridorlarning o‘zi e’tirof etiladi.
«Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunda yangi tushunchalar paydo bo‘ldi. Buyurtmalar agregatori va uning operatori, raqamli mahsulotlar, raqamli striming xizmati va uning operatori, elektron savdo platformasi va uning operatori tushunchalari joriy etilmoqda. Transchegaraviy elektron tijorat deb ishtirokchilari turli mamlakatlarda joylashgan, tomonlardan biri O‘zbekistonda bo‘lgan elektron tijorat tan olinadi. Bunday operatsiyalarni amalga oshirish tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Elektron tijorat operatorlari uch toifaga bo‘linadi: elektron savdo platformalari operatorlari, buyurtmalar agregatorlari operatorlari va raqamli striming xizmatlari operatorlari. Har bir toifa uchun huquq va majburiyatlar belgilangan. Jumladan, platforma operatori tovarlar va xizmatlarni o‘zi ham sotish huquqiga ega, biroq sotuvchilarning litsenziyalarini tekshirishi, shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligi va to‘lovlar xavfsizligini ta’minlashi, shuningdek, foydalanish qoidalari va oferta shartlarini e’lon qilishi shart. Ish faoliyatini to‘xtatish yoki qoidalarni o‘zgartirish haqida u kamida 30 kun oldin ogohlantirishi lozim.
Agar xaridorga sifatsiz tovar yetkazib berilsa, asosiy javobgarlik sotuvchi zimmasida bo‘ladi. Biroq sotuvchi xaridorning qonuniy talablarini qanoatlantira olmasa, subsidiar javobgarlik elektron tijorat operatori zimmasiga yuklatiladi. «Eskrou» xizmati ko‘rsatilgan taqdirda, sotuvchi pulni qaytarishdan bosh tortsa, operator xaridorga mablag‘ni mustaqil ravishda qaytarish huquqiga ega.
Elektron tijoratdagi hisob-kitoblar endi faqat alohida bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi kerak. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar elektron hamyonlardan foydalanishi mumkin. Raqamli distributsiya usulida tarqatiladigan raqamli mahsulotlar uchun bojxona rasmiylashtiruvi qo‘llanilmaydi. Xorijiy platformalar orqali eksport qilinganda, valyuta tushumi platforma xizmatlari qiymati chegirilgan holda eksportchining hisobvarag‘iga kelib tushadi.
Qonun O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2026 yil 10 fevralda qabul qilingan va 18 may kuni Senat tomonidan ma’qullangan. U rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, ya’ni 12 dekabrdan kuchga kiradi.



