Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlatlarga nisbatan sanksiyalar joriy etish bo‘yicha mutlaq huquqni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga berishni taklif qildi. U ushbu bayonotni 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida ma’lum qildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
«U yoki bu davlatga nisbatan sanksiyalar joriy etish huquqi, bizning fikrimizcha, faqat Birlashgan Millatlar Tashkilotiga berilishi kerak», — dedi Japarov. U bunday yondashuvni «xalqaro sanksiyalar tizimini takomillashtirishning yagona mumkin bo‘lgan usulidir» deb atadi.
Qirg‘iziston prezidentining fikricha, sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qarorlar BMT Nizomiga muvofiq va faqat Xavfsizlik Kengashining vakolatlari doirasida qabul qilinishi lozim.
Japarov sanksiyalar ayrim davlatlar tomonidan suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashish vositasi sifatida tez-tez qo‘llanilayotganini ta’kidladi. Asossiz bir tomonlama sanksiyalardan kichik davlatlar jabr ko‘radi.
«Ayrim yirik davlatlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, Qirg‘iziston kabi kichik davlatlarga bosim o‘tkazib, ularni ayrim masalalar bo‘yicha muzokara qilishga majburlashga urinadi va ultimatumlar qo‘yadi», — dedi Japarov.
U BMT tomonidan barcha sanksiya choralarini oldindan majburiy ko‘rib chiqish mexanizmini joriy etishni taklif qildi. Bu cheklovlarning ehtimoliy gumanitar, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini hisobga olish imkonini beradi. Sanksiyalarni ilgari surayotgan davlatlar ularning huquqiy asoslarini, bunday choralarning zaruratini, maqsadlarini, shuningdek, keyinchalik bekor qilinishi mezonlari va shartlarini aniq ko‘rsatishi kerak.
Qirg‘iziston prezidenti BMT homiyligida sanksiyalarni monitoring qilish va ularni muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona xalqaro mexanizm yaratishni taklif qildi.
«Shundagina xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda BMTning markaziy roli kuchayadi, uning vakolatlari kengaytiriladi. Bundan tashqari, bir davlatning boshqa davlatga nisbatan sanksiyalarni o‘z siyosiy yoki iqtisodiy manfaatlari yo‘lida o‘zboshimchalik bilan qo‘llashi xavfi bartaraf etiladi. Hech bir davlat o‘zboshimchalik bilan harakat qilmasligi kerak», — deya ta’kidladi Qirg‘iziston rahbari.
Japarovning takliflari G‘arb tomonidan Qirg‘izistonga bosim o‘tkazilayotgan bir paytda yangradi. Avvalroq u ayrim davlatlarning Qirg‘izistondan Rossiya bilan aloqalarini uzishni talab qilishini «adolatsiz» deb atagandi va Yevropaning o‘zi Rossiya bilan yiliga 6 milliard dollarlik savdo-sotiqni davom ettirayotganini qayd etgandi. Respublika Tashqi ishlar vazirligi mamlakat xalqaro sanksiya rejimlariga qat’iy rioya qilayotganini va ularni buzish haqidagi ayblovlar asossiz ekanini bildirgan. Qirg‘iziston hukumati sanksiya rejimlariga rioya etilayotganini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishga tayyorligini ta’kidlagan hamda Yevropa Ittifoqiga qirg‘iz banklariga nisbatan qo‘llanilayotgan cheklovlarning asosliligini mustaqil auditdan o‘tkazishni taklif qilgandi.



