Samarqandda mutafakkir Abu Mansur al-Moturidiyning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan innovatsion muzey tashkil etilmoqda. Ekspozitsiyada yoshi ming yilgacha bo‘lgan qadimiy qabrtoshlar, tarixiy materiallar va elektron kutubxona taqdim etiladi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Ixtiyor Abdurahmonovga tayangan holda xabar bermoqda.
Muzey 944 yilda ulug‘ alloma dafn etilgan tarixiy Chokardiza majmuasi hududida joylashadi. Ekspozitsiya islom aqidasi tarixi, Moturidiy hayoti, uning shogirdlari va izdoshlari hamda dunyoda moturidiya ta’limotining tarqalishiga bag‘ishlangan oltita bo‘limdan iborat bo‘ladi.
Alohida bo‘lim asrlar davomida Samarqandning taniqli ulamolari, muftiylari va din arboblari dafn etilgan Chokardiza qabristoni tarixiga bag‘ishlanadi. Bu yerda arxeologik topilmalar, jumladan, ming yillik tarixga ega qabrtoshlar namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar ularda saqlanib qolgan bitiklar va qadimiy xattotlik namunalari bilan tanishishlari mumkin.
«Afsuski, sho‘rolar davrida qabristonning katta qismi vayron qilinib, hududida turli binolar qad rostlagan edi. Mustaqillik yillarida esa Imom Moturidiy maqbarasi barpo etildi», — dedi Abdurahmonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda majmua hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Moturidiy maqbarasi allaqachon rekonstruksiya qilingan va yana bir mashhur faqih — Burhoniddin Marg‘inoniyning maqbarasi qayta tiklangan. Masjid va muzey qurilishi davom etmoqda.
Muzeyda, shuningdek, moturidiya ta’limotiga bag‘ishlangan asarlarning elektron kutubxonasi ham yaratiladi. Tashrif buyuruvchilar uchun allomaning hayoti va ilmiy faoliyati haqida 10–15 daqiqalik film, bolalar uchun esa interaktiv o‘yinlar va viktorinalar tayyorlanmoqda. Alohida ekspozitsiya zamonaviy O‘zbekistonda Moturidiy merosini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Muzeyning ochilish sanasi hozircha ma’lum emas.
Abu Mansur al-Moturidiy (taxminan 870–944 yillar) — Samarqandda yashab, ijod qilgan buyuk islom olimi. U sunniylik islomining Markaziy Osiyo, Turkiya va musulmon olamining boshqa mintaqalarida keng tarqalgan asosiy kalom yo‘nalishlaridan biri — moturidiya ta’limotining asoschisi hisoblanadi.



