ICESCO rahbari Islom sivilizatsiyasi markazini musulmon dunyosi ramzi deb atadi

Salim al-Malik. Foto: ICM

Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malik O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini musulmon dunyosining ramzi deb atadi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Al-Malik Samarqandning 2025 yilda islom olami madaniy poytaxti maqomini olishi ortidan O‘zbekistonning ICESCO bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Xususan, u Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan, Imom al-Buxoriy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda tashkilotning ishtirok etganini yodga oldi.

«Biz Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdik. Men ushbu markazni islom olamining ramzi deb bilaman», — dedi ICESCO rahbari.

Al-Malikning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot O‘zbekiston bilan birgalikda kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan harakatlar rejasini ishlab chiqmoqda. Unga Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 10–11 noyabr kunlari Antaliyadagi xalqaro iqlim sammitida ilgari surgan tashabbuslari kiritilishi ko‘zda tutilgan.

ICESCO rahbari ekologik ta’limni rivojlantirishga, jumladan, O‘zbekistonda tashkil etilgan «Yashil universitet» faoliyatiga alohida e’tibor qaratdi. U ta’lim muassasalarini ko‘kalamzorlashtirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanishiga umid bildirdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston poytaxtidagi Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi yaqinida barpo etilgan. Bino o‘rta asrlar me’moriy obidalari uslubida qad ko‘targan bo‘lib, balandligi 34 metrlik to‘rtta peshtoq va 65 metrlik markaziy gumbazga ega. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali hamda ekspozitsiyalari O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davridan to bugungi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab olgan muzey mavjud. ICM ajdodlar merosini o‘rganish hamda uni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va butun dunyodagi ilmiy-ma’rifiy markazlar bilan hamkorlikda zamonaviy nuqtai nazardan anglash maydoniga aylanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid barcha materiallar bilan mazkur syujetda tanishish mumkin: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi.