Qozog‘iston Mudofaa vazirligi dron portlashi ortidan havo hududi nazoratini kuchaytirdi

Portlagan dron qoldig‘i. tengrinews.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan dron portlashi ortidan havo hududi nazoratini kuchaytirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa 23 oktabr kuni ertalab Burlin tumanida sodir bo‘lgandi. Uchish apparati qoldiqlari aholi punktlaridan tashqarida, chekka hududda topildi, deydi vazirlik. Jabrlanganlar va moddiy zarar haqida ma’lumot qayd etilmagan.

Hozirda hodisa sabablari va dronning kelib chiqishi o‘rganilmoqda.

«Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi havo hududi nazoratini kuchaytirish va havo obyektlari tomonidan davlat chegarasini ruxsatsiz kesib o‘tish oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Hozirda mazkur uchish apparatiga egalik qilishi mumkin bo‘lgan xorijiy hamkorlar bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

G‘arbiy Qozog‘iston viloyati Rossiyaning Orenburg viloyati bilan chegaradosh, u yerda bugun ertalab dron hujumi xavfi e’lon qilingandi. 19 oktyabr kuni dron Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga hujum qilib, uning sexlaridan biriga zarar yetkazgandi. Shu sabab, korxona Qozog‘istonning yirik Qorachig‘anoq konidan gaz importini bir necha kunga to‘xtatishga majbur bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida konning o‘zida ishlab chiqarish hajmining pasayishiga olib keldi.

Qozog‘iston g‘arbida avvali ham dronlar halokatga uchragan, ammo bugungi kungacha ularda jangovar kallaklar bo‘lmagan.

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi

  • Muhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?