O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Xitoyning Shensi provinsiyasi Tarix muzeyi hamda Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar Markaz delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davomida bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga Markaz direktori Firdavs Abduholiqov rahbarlik qildi.
Shensi provinsiyasi Tarix muzeyi rahbariyati bilan qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, mutaxassislar almashinuvi, shuningdek, kitoblar va muzey kataloglarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Ehtimoliy loyihalardan biri sifatida Xitoy arxeologiya kolleksiyasini O‘zbekistonda namoyish etish taklif qilindi.
Shensi provinsiyasi muzeyi Xitoydagi eng yirik arxeologik kolleksiyalardan biriga ega bo‘lib, uning katta qismi Buyuk ipak yo‘li tarixi bilan bog‘liq. 2025 yilda muzeyga 5,2 milliondan ortiq kishi tashrif buyurgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyiga tashrif buyurib, uning kuratori, professor Li Gan bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar ko‘rgazmalar tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, muzey mutaxassislari almashinuvi hamda arxeologik topilmalarni saqlash sohasida tajriba almashish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Muzey majmuasida mashhur Terrakota armiyasi saqlanadi. U miloddan avvalgi III asrda yaratilgan 8100 dan ortiq jangchi, ot va harbiy aravalar haykallaridan iborat. Majmua YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Firdavs Abduholiqov O‘zbekiston va Xitoyni ko‘p asrlik tarix hamda Buyuk ipak yo‘lining umumiy merosi bog‘lab turishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar almashinuvi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Loyihalarning bir qismini 2027 yilda, ya’ni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi nishonlanadigan davrda amalga oshirish taklif qilindi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



