Afg‘oniston OAV xabarlariga ko‘ra, 2026 yil 14 oktyabr kuni Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin Kobulga tashrif buyurib, toliblar ma’muriyati razvedka idorasi rahbari Abdulhaq Vosiq bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Tashrif haqida Afg‘onistonning muxolifatdagi Hasht-e Subh nashri, Khaama Press axborot agentligi o‘zining Facebook sahifasida hamda AtlasPress axborot agentligi qisqacha xabar berdi. Qobuldagi xabardor manba va BBC ma’lumotlariga tayangan TOOS News nashrining yozishicha, tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, razvedka ma’lumotlarini almashish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
Shu bilan birga, muzokaralar tafsilotlari va tashrifdan ko‘zlangan maqsadlar hozircha oshkor etilmagan. Hasht-e Subh nashri ta’kidlashicha, Rossiya va Afg‘oniston rasmiylari tashrif haqida hozircha hech qanday bayonot e’lon qilmagan.
Ushbu xabar e’lon qilingan paytda Rossiyaning rasmiy idoralari tashrif amalga oshirilganini tasdiqlamagan edi.



