Qirg‘iziston TIV rahbari Rossiyada migrantlarni urushga borishga majburlayotganlarini tan oldi

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Qulubayev Rossiyada bo‘lib turgan vatandoshlarini Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga majburlash holatlari haqida uning idorasi xabardor ekanini ma’lum qildi. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlarda vazirlik migrantlarni vataniga qaytarishga harakat qilmoqda. Bu haqda Kaktus.media xabar berdi.

Qirg‘iziston fuqarolarini urushda majburiy ishtirok ettirish masalasi Jogorku Keneshning (parlamentning) xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘tarildi. Unda Tashqi ishlar vaziri ham ishtirok etdi. Jumladan, deputat Aybek Altinbekov Qirg‘iziston fuqarosini Rossiya hukumati sud qarori chiqarilishidan oldinroq armiyada xizmat qilish bo‘yicha shartnoma imzolashga majburlagan holat haqida gapirib berdi. Ko‘p o‘tmay, xorijlik fuqaro o‘quv-mashg‘ulot lageriga olib ketilgan.

Qulubayevning aytishicha, fuqarolar o‘z vaqtida yordam so‘rab murojaat qilsa, vazirlik bunday ishlarni ko‘rib chiqadi.

«Harbiy komissariatlarda yoki tergov hibsxonalarida ularni shartnoma imzolashga majburlashadi. Agar bizga o‘z vaqtida ma’lumot kelib tushsa, aralashamiz. Shu yo‘l bilan ko‘plab migrantlarning frontga jo‘natilishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik», — dedi Tashqi ishlar vaziri.

Biroq, vazir qancha qirg‘izistonlikni urushga jo‘natilishdan saqlab qolingani yoki janglar hududidan qaytarishga muvaffaq bo‘linganini aniq aytmagan.

Qulubayevning so‘zlariga ko‘ra, ayrim vatandoshlarining Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganini hatto yaqinlariga ham aytmasligi vaziyatni murakkablashtirmoqda. Shu sababli diplomatlar majburiy yollash holatlaridan bexabar qolishmoqda.

«Faqat keyinchalik ota-onalari bu haqda bilib qolishadi va bizga murojaat qilishadi. Agar shunday arizalar kelib tushsa, Ukrainadagi elchixonamiz orqali ular bilan bog‘lanishga va chiqib ketishlariga yordam berishga harakat qilamiz», — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, ayrim hollarda Rossiya tomonida jang qilgan migrant haqida faqat u yaralanganidan yoki halok bo‘lganidan keyingina ma’lum bo‘ladi. Insonni frontga jo‘natilishidan oldin vataniga qaytarish osonroq bo‘lgani uchun vazir fuqarolarni Tashqi ishlar vazirligi xodimlariga o‘z vaqtida murojaat qilishga chaqirdi.

«Agar inson qaysi harbiy qismda va qayerda ekanini bilsak, unga yordam berishga harakat qilamiz», — deya xulosa qildi Qulubayev.

Avvalroq Markaziy Osiyoning yana bir mamlakati — Qozog‘iston ham Rossiya armiyasiga qo‘shilib qolgan o‘z fuqarolarini vataniga qaytarishda ko‘mak so‘rab, Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan edi.

2026 yil holatiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining 12,5 mingdan ortiq vakili Rossiya qo‘shinlari safida Ukrainaga qarshi jang qilgan. Ularning aksari O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir. Shuningdek, 1,5 mingdan ortiq qirg‘izistonlik ham harbiy harakatlarda ishtirok etgani haqida xabar berilgan.

  • O‘zbekiston maktab islohotini xorijiy tajribalar asosida qanday shakllantirayotgani haqida

  • 150 dan ortiq huquq himoyachilari, faollar va jurnalistlar Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga qarshi bayonotni imzoladilar

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi