Qirg‘iziston prezidentligiga ikki nomzod davlat tili bo‘yicha imtihondan o‘ta olmadi

Omurbek Suvanaliyev va Saymik Japikeyev. 24.kg saayti fotosurati

Qirg‘izistonning sobiq Ichki ishlar vaziri Omurbek Suvanaliyev va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish xizmati sobiq rahbari Saymik Japikeyev prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘ta olmaydi. Buning sababi — ular majburiy hisoblangan qirg‘iz tili imtihonidan o‘ta olmagan. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, har ikki siyosatchi 8 oktyabr kuni «Qirg‘iztest» muassasasida imtihon topshirgan. Suvanaliyev yozma ish bajarish tajribasi yetarli bo‘lmaganini tan olgan. Generalning so‘zlariga ko‘ra, u sinovlarga qariyb 20 kun davomida tayyorlangan.

«Men 40 yil rahbar bo‘lib ishladim. Rahbarlar odatda boshqalarni tinglaydi va ko‘rsatmalar beradi, lekin o‘zlari unchalik ko‘p yozmaydi. Kompyuterda ham kam yozganman. Shuning uchun yozma qism men uchun qiyinroq bo‘ldi. B2 darajasiga erisha olmaganimdan afsusdaman», — deydi Ichki ishlar vazirligining sobiq rahbari.

Japikeyev esa imtihon natijalariga rozi emasligini aytgan. U maktabda ham, oliy o‘quv yurtida ham qirg‘iz tilida tahsil olganini va davlat tilida bemalol to‘liq suhbatlasha olishini ta’kidlagan.

Moliya politsiyasining sobiq rahbari savollar murakkab bo‘lganini qayd etib, prezidentlikka nomzodlar kompyuterda bajargan yozma topshiriqlar bo‘yicha yakuniy bahoga shubha bildirgan.

«Men prokuraturada ko‘p yillar ishlaganman, ishlarimning aksariyatini qirg‘iz tilida tergov qilganman. Ammo general Suvanaliyev kabi men ham imtihondan o‘ta olmadim», — deydi Japikeyev.

Shu bilan birga, jurnalist Aslan Sartbayev ijtimoiy tarmoqlarda har ikki nomzodning imtihon natijalarini batafsil e’lon qilgan. Suvanaliyev o‘qish bo‘yicha 87 ball, tinglab tushunish bo‘yicha 84 ball, yozma ish bo‘yicha 56 ball va og‘zaki nutq bo‘yicha 65 ball to‘plagan. Japikeyevning natijalari esa quyidagicha: o‘qish — 63 ball, tinglab tushunish — 76 ball, yozma ish — 55 ball, og‘zaki nutq — 63 ball.

«Qirg‘iztest» qoidalariga ko‘ra, agar imtihonning birorta bo‘limida 60 balldan kam natija qayd etilsa, imtihon topshirilmagan hisoblanadi.

Biroq, siyosatchilar imtihonni qayta topshirish imkoniga ega bo‘lishi mumkin. Hozircha sinovni qayta topshirish tartibi aniq emas. «Qirg‘iztest» vakillari tegishli tartib-qoidalarni belgilash Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga kirishini ma’lum qilgan. Markaziy saylov komissiyasi esa, aksincha, bunday masalani «Qirg‘iztest» hal qilishi kerakligini ta’kidlagan.

ℹ️ Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlari 2027 yil 27 yanvarga belgilangan. Amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov avvalroq saylovda ishtirok etish niyati borligini tasdiqlagan. Biroq, Markaziy saylov komissiyasiga rasmiy ariza topshirgan birinchi nomzod o‘zini o‘zi ko‘rsatish tartibida nomzodini ilgari surgan tadbirkor Aymen Kasenov bo‘ldi. Nomzodlardan arizalar joriy yilning 13 noyabrigacha qabul qilinadi.

  • 150 dan ortiq huquq himoyachilari, faollar va jurnalistlar Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga qarshi bayonotni imzoladilar

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi