Toni Bler Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini dunyodagi eng e’tiborga molik maskanlardan biridir deb atadi

Toni Bler Islom sivilizatsiyasi markazida. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global o‘zgarishlar institutining ijroiya raisi Toni Bler Toshkentdagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar qildi.

Mehmonlar delegatsiyasini Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov kutib oldi. Ularga majmua konsepsiyasi, uning ilmiy-madaniy mazmuni hamda xalqaro ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Toni Blerga islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, XX asrdagi O‘zbekiston tarixi, «Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans» konsepsiyasi, shuningdek, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyalari namoyish etildi.

Markazda O‘zbekistonning madaniy merosi bilan bog‘liq bo‘lib, xorijiy kolleksiyalar va xalqaro auksionlardan qaytarilgan noyob artefaktlarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, delegatsiya a’zolariga Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga qaytarilgan eksponatlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Toni Bler Muqaddas Qur’on zaliga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan Usmon mus'hafi hamda turli tarixiy davrlarga mansub qo‘lyozma Qur’on nusxalari bilan tanishdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri mazkur markazni o‘zi dunyoning turli mamlakatlarida ko‘rgan «eng hayratlanarli maskanlardan biri» deb atadi.

«Markaz Islom sivilizatsiyasi, uning boy merosi va O‘zbekistonning uch Renessansi haqida chuqur tasavvur beradi. Bu yerning ruhi — uyg‘unlik, bag‘rikenglik, tinchlik va insonlarni birlashtirish g‘oyalariga asoslangan. Shu ma’noda, Markaz nafaqat muzey, balki xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot maydonidir», — dedi Bler.

Shuningdek, u Markazning Oksford va Kembrij universitetlari bilan hamkorligini ham alohida e’tirof etdi.

«Bu yerda namoyish etilayotgan ayrim artefaktlar avval Buyuk Britaniyada bo‘lgan, endilikda esa ular o‘z tarixiy zaminida turibdi. Umid qilamanki, bu holat faqat o‘tmish bilan bog‘liq ramz bo‘lib qolmaydi, balki O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi kelajak hamkorligi uchun muhim belgiga aylanadi» — dedi u.

Tashrif yakunida Toni Bler Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. Firdavs Abduxoliqov mehmonga buyuk allomalar hayoti va ilmiy faoliyati, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li hamda Uchinchi Renessans g‘oyalari aks etgan nashrni esdalik sovg‘asi sifatida taqdim etd

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.